French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim tizimida xalqaro hamkorlik
18:59 / 2022-10-24

Buxoro davlat universitetiga Saudiya Arabiston Qirolligining Fan va texnologiya universiteti (KAUST) prezidenti, professor Toni Chan va KAUST rektori, doktor Teofilo Abrajano tashrif buyurdi.

Buxoro davlat universiteti rektori Obidjon Hamidov mehmonlarni kutib oldi. Tegishli sohalarda kengaytirilgan muzokara va kelishuvlar olib borildi.

Mehmonlar Buxoro davlat universiteti rektori Obidjon Hamidov bilan birgalikda yashil energetika hududi, “Biznes Akselerator” hamda uning tarkibidagi Robototexnika markazi faoliyati bilan tanishdi. Axborot resurs markazida talabalar uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Universitetdagi VATEL qo‘shma ta’lim dasturi bilan hamkorlikdagi talabalar faoliyati, talaba-yoshlar uchun sport borasida yaratilgan imkoniyatlar mehmonlarga katta qiziqish uyg‘otdi. Tanishuv jarayonida mehmonlar o‘rtasida ta’lim masalasida o‘zaro hamkorlik olib borish yuzasidan so‘z bordi.

[gallery-9261]

– Buxoro azal-azaldan ilm-ma’rifat o‘chog‘i va ma’rifat beshigi bo‘lib kelgan, – deydi professor Toni Chan. – Buxoroda juda ko‘plab sohalarda katta salohiyat mavjud. Jahon e’tirof etadigan bu qadim shahar hali-hanuz o‘z farzandlari bilan faxrlansa arziydi. Hozirgacha bu zaminda tug‘ilgan olimlar Abu Ali ibn Sino, Imom Buxoriylarning ilmiy merosini jahon olimlari tadqiq etadi. Saudiya Arabistoni fan va texnologiyalar universiteti (KAUST) ham buxorolik ilm ahli bilan xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali tegishli yo‘nalishlarni barqaror rivojlantirishni maqsad qilgan. Universitetimizda bugungi kunda dunyoning 20 ga yaqin davlatidan talabalar tahsil olmoqda. Buxoro davlat universitetiga tashrifimiz chog‘ida o‘zbekistonlik talabalar uchun ham KAUSTda o‘qish bo‘yicha imkoniyat yaratishni ko‘zlaganmiz.

–Buxoro ilm-ma’rifat bobida “Nur” shahri desak mubolag‘a bo‘lmaydi, – deydi Buxoro davlat universiteti rektori Obidjon Hamidov. – Islom davlati va islom madaniyati markazi sifatida Saudiya Arabistoniga tegishli oliy ta’lim muassasalarga qiziqish juda katta. Har bir davlatda bo‘lgani kabi bu mamlakatda ham ilm-fan va ta’lim kundan-kunga rivojlanib bormoqda. O‘rta Osiyo va arab ulamolari azal-azaldan o‘zaro aloqalarda hamfikr bo‘lgan. Ayni davrda shunday tarixiy aloqalarni qayta yo‘lga qo‘yishda dastlabki qadamlarni qo‘yayotganimizdan mamnunmiz. Buxoro davlat universiteti fundamental fanlar bo‘yicha tadqiqotlar olib borish sohasida yetarlicha kuch va ilmiy asosga ega.

Shuningdek, bugungi kunda O‘zbekistonni barqaror rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan bir qator sohalarda xalqaro hamkorlik aloqalarini ta’minlash, bu borada KAUST professor-o‘qituvchilarini Buxoro davlat universiteti ilmiy salohiyatini yanada ko‘tarish, fan nomzodlari, doktorlari tayyorlash borasida ishtirok etishi uchun sharoit yaratish, BuxDU tadqiqotchilarini Saudiya Arabistoniga yuborish masalalari bo‘yicha bir qator takliflar ilgari surildi.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA