Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim tizimida ochiqlik va zamonaviylik — zamon talabi
13:33 / 2025-10-18

Guliston shahridagi 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabida Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov shahar ta’lim muassasalari rahbarlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvda ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, o‘quv jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish, “Maktab – oila – mahalla” hamkorligini mustahkamlash kabi dolzarb masalalar atroflicha muhokama etildi.

Muloqotda rahbarlar o‘z faoliyatidagi yutuqlar va mavjud muammolar haqida ochiq fikr bildirishdi. Ta’lim muassasalarida o‘quvchilarning bilimga bo‘lgan qiziqishini oshirish, har bir bolaning qobiliyatini to‘liq namoyon etish, zamonaviy pedagogik usullarni amaliyotga tatbiq etishdagi tajribalar o‘rtoqlashildi.

Tadbir doirasida “Aqlli maktab” elektron tizimi taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Yangi tizim orqali ota-onalar farzandlarining darslardagi ishtiroki, baholari va davomatini real vaqt rejimida kuzatib borish imkoniyatiga ega bo‘lishadi. Bu esa ta’lim jarayonida ochiqlik va hisobdorlikni ta’minlash, maktab hamda ota-onalar o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etadi.

–  Davlat rahbari ta’limni mamlakat taraqqiyotining eng ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilagan. “Millat kelajagi maktabdan boshlanadi” degan hayotiy fikr har bir pedagog faoliyatining bosh mezoni bo‘lishi kerak, –  dedi Erkinjon Turdimov. –  Biz har bir bola o‘z qobiliyatini to‘liq namoyon eta oladigan muhitda o‘qishi va rivojlanishi uchun zarur shart-sharoit yaratishimiz lozim. Bu — bugungi kun talabi.

Uchrashuv yakunida ta’lim muassasalarida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, o‘qituvchilar mehnatini munosib rag‘batlantirish, maktab infratuzilmasini yangilash va o‘quv jarayoni samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, hokim tomonidan har bir maktab rahbariga innovatsion loyihalarni amalga oshirish, ilg‘or pedagogik tajribalarni joriy etish va ta’lim jarayonini muntazam tahlil qilib borish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri