Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim tizimida hamkorlik
17:16 / 2023-03-26

Namangan viloyati xalq ta’limi boshqarmasi rahbariyati hamda bir guruh iqtidorli o‘quvchilar Farg‘onadagi “KIUF – O‘zbekiston – Koreya” xalqaro universiteti faoliyati bilan tanishdi.

Ta’lim va tajriba almashishga qaratilgan amaliy tashrifda Namangan viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Anvarjon Mahkamov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari o‘quv muassasasi ta’sischisi Park Jun Xo va uning pedagogik jamoasi bilan birgalikda o‘zaro hamkorlik, zamonaviy ta’lim integratsiyasi hamda kelgusida amalga oshiriladigan ustuvor masalalar doirasida muloqot o‘tkazdi. Ta’lim borasidagi sheriklik munosabatlari sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarilgani, amaliy mazmun bilan boyigani qayd etildi. Ta’sischi tomonidan shu yilning yoz oylarida birgalikda Koreya Respublikasidagi yarim o‘tkazgichlar ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan bir qator zavodlar faoliyati bilan tanishish taklifi bildirildi.  

Hozirgi kunda 2 ming 117 nafar talaba, 50 nafar professor-o‘qituvchini qamrab olgan xalqaro oliygoh faoliyati, fakultet va yo‘nalishlar, “3+1” dasturi asosida Janubiy Koreyadagi oltita hamkor oliy ta’lim muassasalarining bakalavr diplomini qo‘lga kiritish borasidagi ma’lumotlar namanganlik o‘quvchilarga manzur keldi.  

Tashrif davomida mashinasozlik, arxitektura, axborot texnologiyalari amaliyot xonalari maktab bitiruvchilariga tanishtirildi. Hamkorlik doirasidagi masalalar yuzasidani fikr bildirilib, almashinuv sohalarida o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada kengaytirishga qaratilgan yo‘nalishlar belgilab olindi. Ta’kidlash joiz joriy yilning aprel oyida mazkur xalqaro universitet hamda Namangan viloyati xalq ta’limi boshqarmasi hamkorligida 11-sinf bitiruvchilari o‘rtasida “KIUF” olimpiadasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ikki bosqichni qamrab olgan ushbu bilimlar sinovida yuqori uchta o‘rinni egallagan o‘quvchilar to‘rt yillik grant asosida o‘qish imtiyozini beruvchi vaucher va sertifikatga ega bo‘ladi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA