Munosabat
Bugungi globallashuv va raqobat ostida jahon mamlakatlari taraqqiyotining asosiy mezoni – inson kapitaliga bog‘liq bo‘lib bormoqda. Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’lim sohasiga alohida ustuvor ahamiyat berib, uni Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining strategik yo‘nalishi sifatida belgilab kelmoqda.

Xususan, 1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida o‘tkazilgan uchrashuvdagi nutqida Prezident ta’lim sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni tahlil qilib, galdagi muhim va ustuvor yo‘nalishlarni belgilab berdi.
Jumladan, oxirgi sakkiz yilda mamlakat iqtisodiyoti ikki barobar o‘sib, YAIM 130 milliard dollarga yetdi. Bu esa davlat byudjetidan ta’lim va ilm-fanga ajratiladigan mablag‘larni keskin oshirish imkonini berdi. So‘nggi yillarda ushbu sohalarga 378 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Shu bilan birga, oltin-valyuta zaxiralari 50 milliard dollardan oshdi, eksport hajmi 25 milliard dollarga yetkazildi, investitsiyalar esa xomashyo emas, qayta ishlashga yo‘naltirila boshladi. Bu holatlar ta’lim sohasiga doimiy va barqaror mablag‘ manbalarini yaratishda muhim omil bo‘lmoqda.
Shuningdek, maktabgacha ta’lim tizimida amalga oshirilgan islohotlar natijasida qamrov darajasi 2017 yildagi 27 foizdan 2025 yilda 78 foizgacha oshdi. Yangi imtiyozlar orqali qamrov 80 foizga yetkazilishi kutilmoqda. Tahlil qilib ko‘rsak, bu o‘zgarishlar bolalarning erta rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi, chunki ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, maktabgacha ta’lim bolalarning kelajakda muvaffaqiyatini 30-40 foizga oshiradi.
Avvallari 4 mingga yaqin mahallada bog‘chalar mavjud emas edi. Hozirgi kunda esa 38 ming bog‘cha faoliyat yuritmoqda, ularning ko‘pchiligi xususiy sektor asosida ishlamoqda. Muhim jihati, bog‘cha tarbiyachilariga to‘lanadigan maosh maktab o‘qituvchilari darajasiga tenglashtirildi. Bu esa sohaga yuqori salohiyatli kadrlarni jalb etish va ularni ushlab qolishda muhim omil bo‘lmoqda.
Yangi ta’lim siyosatida maktab bitiruvchilarini kasb yoki oliy ta’limga maqsadli tayyorlash asosiy vazifa qilib belgilangan. Buning uchun 9 va 11-sinflarda yagona davlat imtihonlari joriy etilmoqda. Bu jarayon har bir o‘quvchining individual qobiliyatini hisobga olgan holda uning ta’lim yo‘nalishini tanlash imkonini beradi.
Shu bilan birga, texnikumlar faoliyati qayta ko‘rib chiqilib, ularga zamonaviy standartlar joriy qilinmoqda. Jumladan, 598 ta texnikumda yangi ta’lim yo‘nalishlari dual ta’lim asosida tashkil etildi. Xalqaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida Germaniya, Koreya, Buyuk Britaniya bilan hamkorlikda 100 ga yaqin texnikumda BTEC va boshqa xalqaro o‘quv dasturlari joriy etilyapti. Bu orqali bitiruvchilar nafaqat mahalliy, balki xalqaro mehnat bozorida raqobatdosh kadr sifatida tayyorlanmoqda.
Ta’limdagi muhim bosqich – oliy ta’lim sohasida ham so‘nggi sakkiz yilda ulkan o‘zgarishlar kuzatildi. Oliygohlar soni 77 tadan 202 taga, talabalar soni 250 mingdan 1,5 millionga yetdi. O‘quv dasturlarining mazmuni qayta ko‘rib chiqildi, ta’limning amaliy jihatlariga e’tibor kuchaytirildi. Yosh olimlarning ilmiy loyihalariga grantlar ajratish tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Qolaversa, O‘zbekiston ta’lim tizimi jahon ta’lim me’yorlari bilan integratsiyalashmoqda. Yaqin yillarda xalqaro e’tirof etilgan universitetlar sonini 4 tadan 10 tagacha ko‘paytirish rejalashtirilgan. 2026 yilda Markaziy Osiyo ta’lim forumini tashkil etish va O‘zbekistonni mintaqaviy ta’lim markaziga aylantirish – milliy ta’lim strategiyasining muhim qismi hisoblanadi.
Prezident ta’lim tizimini modernizatsiya qilishda eng muhim omil sifatida o‘qituvchining jamiyatdagi maqomini oshirishga ham alohida e’tibor qaratmoqda. Xususan, pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 15 yillik ish stajiga ega bo‘lgan oliy toifali o‘qituvchilarga ipoteka krediti dastlabki badalining 25 foiz qismi qoplab beriladi, ularning farzandlari uchun oliy ta’lim kontraktlariga 30 foiz chegirma, kompyuter xaridi uchun 10 million so‘mgacha imtiyozli kredit hamda oliy baholar bilan bakalavrni tamomlaganlarga avtomatik ravishda toifa berilishi shular jumlasidan.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ta’lim islohotlari bu shunchaki institutsional o‘zgarishlar emas, balki yangi avlodni zamonaviy bilim, kasb va raqobatbardoshlikka yo‘naltirishga qaratilgan chuqur strategik jarayondir. Ushbu siyosat inson kapitali orqali davlatning barqaror va inklyuziv taraqqiyotiga xizmat qilmoqda.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Ekologiya va atrof-muhitni
muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA