Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim tizimi: istiqbolli hamkorlik samaralari
18:59 / 2020-11-04

Ichki ishlar vazirligi akademiyasi hamda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Ikki tomonlama kelishuv o‘zaro tajriba almashish, ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni tatbiq etish hamda xorijning ilg‘or tajribalarini ommalashtirishni nazarda tutadi.

Aytish kerakki, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi mamlakatimiz huquqni muhofaza qiluvchi organlari uchun yetuk malakali mutaxassislar tayyorlab berayotgan yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri sanaladi. Tizimda amalga oshirilayotgan izchil islohotlar natijasida ta’lim muassasasida kadrlar tayyorlash jarayoni yildan-yilga takomillashib bormoqda. Ayniqsa o‘quv jarayonida qo‘llanilayotgan axborot-komunikatsiya texnologiyalari, ilg‘or pedagogik yondashuvlar ta’lim sifatini yuksaltirib, sohani yetuk malakali kadrlar bilan ta’minlashga xizmat qilayotir.

Tadbir avvalida Akademiya boshlig‘i, general-leytenant Bahodir Matlyubov hamda O‘zbekiston milliy universiteti rektori Avazjon Maharimov so‘z olib, o‘zaro hamkorlikning ahamiyati haqida to‘xtalib o‘tdi.

– Hozirgi globallashuv sharoitida ta’lim integratsiyasini kuchaytirish davr talabiga aylanmoqda, – dedi B.Matlyubov. – Muhtaram Prezidentimiz kuni kecha ta’lim-tarbiya tizimini takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida oliy ta’lim sohasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, ta’lim tizimi samaradorligini yanada yuksaltirish borasida ustuvor vazifalarni belgilab berdi. Bugun Akademiyamiz nafaqat xorijning turdosh oliy ta’lim muassasalari, balki respublikamizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan ham hamkorlikni kengaytirmoqda. Bu soha uchun malakali kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda ilmiy-amaliy hamkorlikni yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Shundan so‘ng tomonlar o‘zaro tajriba almashish maqsadida hamkorlik memorandumini imzoladi. Unga ko‘ra ta’lim muassasalari yuqori malakali kadrlar tayyorlash, o‘quv jarayonida ilm-fan yutuqlaridan oqilona foydalanish, psixologiya yo‘nalishi bo‘yicha o‘zaro amaliy va uslubiy yordam ko‘rsatish, masofaviy ta’limni samarali tatbiq etish, universitet talabalari hamda akademiya kursantlarining amaliy stajirovkalarini tashkillashtirish, sohaga oid xorij tajribasini keng o‘rganish orqali professor-o‘qituvchilar va ilmiy tadqiqotchilarning malakasini oshirish, shuningdek psixologiyaning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan tadqiqotlar o‘tkazish, ilmiy-amaliy konferensiyalar tashkil etish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik qiladi.

Qizg‘in muloqot davomida huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun kadrlar tayyorlash muhim ahamiyat kasb etayotgani, jamoat tartibi va xavfsizlikni ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishda ilg‘or tajribalarni o‘rganish masalalari haqida fikr almashildi. Mehmonlar Ichki ishlar vazirligi akademiyasida tinglovchi va kursantlar uchun yaratilgan sharoitlar, o‘quv jarayonining imkoniyatlari bilan tanishdi.

O‘zA