Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim tizimi: islohotlar o‘z samarasini bermoqda
14:07 / 2023-05-26

Karmana tuman hokimligi, Navoiy viloyati axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Navoiy viloyati bo‘limi hamkorligida “Tumanda maktabgacha va maktab ta’limi tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda dastavval tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbari o‘rinbosari Suxrob Obilov 2022-2023 o‘quv yilida sohada amalga oshirilgan ishlar va kelgusida rejalashtirilgan vazifalar to‘g‘risida ma’lumot berdi.  

Bugungi kunda tumanda 31 ta umumta’lim maktabi, 1 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabi, 29 ta davlat, 22 ta davlat xususiy sherikchiligidagi va 73 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud.

Tumandagi umumta’lim maktablarida 21 ming 930 nafar o‘quvchi, 2 ming 210 nafar o‘qituvchi,  davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida pedagoglar soni 470 nafarni, tarbiyalanuvchilar esa 5 ming 35 nafarni tashkil etmoqda.  

Umumta’lim maktablarida o‘qitish o‘zbek va rus tilida olib boriladi. 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabi negizida aniq fanlarga ixtisoslashtirilgan tayanch maktabi, 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabi negizida axborot texnologiya va informatika fanlarini, 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabida esa xorijiy tillarni chuqurlashtirib o‘qitiladigan sinflar tashkil etilgan.  

– 2023 yil may oyi holatiga 2022 yilga nisbatan oliy toifali o‘qituvchilar soni 9,9 foizdan 14,8 foizga, jami toifali o‘qituvchilar ulushi esa 73,3 foizga yetdi, – deydi S.Obilov. – 2022 yilda tumandagi umumta’lim maktablarida ingliz tili fanidan 97 nafar, rus tili fanidan esa 72 nafar o‘qituvchi xalqaro hamda milliy sertifikatga ega bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yil aprel oyi holatiga 227 nafar chet tili fani o‘qituvchilaridan 200 nafari xalqaro hamda milliy sertifikatga ega bo‘ldi.  

Tumanda 2017 yilda 18 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga 2519 nafar bola qamrab olinib, qamrov darajasi 24,1 foizni tashkil etgan. 2023 yilda esa 124 ta maktabgacha ta’lim tashkilotiga 10 ming 667 nafar 3-7 yoshli bolalarning 8559 nafari qamrab olingan. Shuningdek, 6 yoshli bolalarning 91 foizi majburiy ta’limga jalb etilgan.  

2022 yilda tumandagi 12- va 13-maktabgacha ta’lim tashkilotida 6,3 milliard so‘mlik, “Obod qishloq” dasturi doirasida esa 21-maktabgacha ta’lim tashkilotida to‘liq rekonstruksiya ishlari amalga oshirilgan. Shuningdek, “Uzumzor” massivida 60 o‘rinli yangi maktabgacha ta’lim muassasasi qurib bitkazildi. Mahalliy byudjetning orttirilgan mablag‘laridan bog‘chalarni jihozlash va sharoitlarni yaxshilash maqsadida 250 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Bugungi kunda tumandagi 29 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining 28 tasi zamonaviy bino va jihozlar bilan to‘liq ta’minlangan. 2023 yilda “Tashabbusli byudjet” loyihasi mablag‘lari hisobidan 7-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida 1,2 milliard so‘mlik ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.  

Joriy yilda esa “Do‘stlik” mahallasi “Yangi O‘zbekiston” massivida 330 o‘rinli zamonaviy maktab binosi, 180 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi foydalanishga topshiriladi.  

Matbuot anjumanida soha mutasaddilari OAV vakillarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytardi.  

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA