Ta’lim-tarbiya jarayonining samaradorligini oshirish, uzluksiz ta’lim tizimida ilg‘or pedagogik texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, xalqaro tajribalarni milliy ta’lim tizimiga integratsiyalash hozirgi davrning eng dolzarb masalalaridan biri. Shu maqsadda Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti va “Science and innovation” xalqaro ilmiy jurnali hamkorligida “Ta’lim-tarbiyaning optimal modellari: xalqaro tajribalar, muammolar, yechimlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.
Xalqaro konferensiyada pedagogikaning bir qator dolzarb masalalari muhokama qilindi. Jumladan, ta’lim-tarbiyaning optimal modellari va ularni uzluksiz ta’lim jarayonida qo‘llash strategiyalari, optimal modellarni amaliyotga tatbiq etishdagi muammolar va ularni hal etish yo‘llari, maktabgacha va maktab ta’limi tizimida optimal modellarni qo‘llash mexanizmlari, oliy pedagogik ta’lim jarayonida optimal modellarni joriy etish strategiyalari, o‘qituvchilarni kasbiy rivojlantirishda optimal modellarni qo‘llash metodikalari e’tibor markazida bo‘ldi.
Konferensiyada 200 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi, shulardan 110 nafari ma’ruza bilan ishtirok etdi. Xorijiy ishtirokchilar qatorida AQSH, Turkiya, Hindiston, Misr, Ozarbayjon, Rossiya, Latviya, Qozog‘iston, Tojikiston va Malayziya davlatlaridan jami 13 nafar olim qatnashdi. Shuningdek, 100 ga yaqin mahalliy olim va mutaxassislar ham o‘z ilmiy ishlari bilan ishtirok etdi.
Konferensiyaga taqdim etilgan maqola va tezislar Polshaning Index Copernicus, Yevropaning Zenodo va Open Aire, Rossiyaning Cyberleninka xalqaro bazalarida, shuningdek scientists.uz platformasiga joylashtirildi. Ular Google Scholar tizimida indekslanadi hamda har bir maqolaga alohida DOI raqami berildi.
Xalqaro konferensiya ta’lim sohasida ilg‘or tajribalarni o‘rganish, milliy modelni takomillashtirish va o‘qituvchilar kasbiy rivojlanishiga xizmat qiluvchi dolzarb ilmiy vosita sifatida katta ahamiyat kasb etdi.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA