Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy institutida “Shaxsiy ahamiyatga ega bo‘lgan ta’lim-tarbiyani tashkil etishning innovatsion modellari va uni pedagogik jarayonga transformatsiyalash mexanizmlari” mavzusiga bag‘ishlangan Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada O‘zbekiston, Belarus, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston kabi davlatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, fan doktorlari, amaliyotchi pedagoglar, tadqiqotchilar hamda yosh olimlar ishtirok etdi.
Konferensiyaning asosiy maqsadi shaxsiy ahamiyatga ega bo‘lgan ta’lim-tarbiya jarayonini zamonaviy pedagogik yondashuvlar asosida takomillashtirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish, ularni mahalliy ta’lim tizimiga moslashtirish, ta’limni raqamlashtirish sharoitida o‘qituvchining kasbiy kompetensiyasini rivojlantirish va ta’lim jarayonini insonparvarlik tamoyillari asosida qayta tashkil etishdan iborat bo‘ldi.
Ilmiy anjumanda soha mutaxassislari tomonidan shaxsiy ta’lim trayektoriyasi, san’at va ma’naviyatning tarbiyaviy roli, oliy ta’limda innovatsion modellarning qo‘llanilishi, reytingga yo‘naltirilgan ta’lim mexanizmlari, raqamli platformalar va sun’iy intellektning ta’lim jarayoniga ta’siri kabi keng qamrovli masalalar atroflicha muhokama qilindi.
[gallery-26583]
Tadbir doirasida tashkil etilgan seksiyalar ilmiy-amaliy fikr almashinuvi uchun samarali maydonga aylandi va pedagog kasbining yuksaltirilishiga oid yangicha yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qildi.
Konferensiyani Tarbiya pedagogikasi milliy instituti direktori Xolboy Ibragimov kirish so‘zi bilan ochdi. U o‘z so‘zida mazkur masalalarning ahamiyati va dolzarbligi, ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish va uni O‘zbekiston Respublikasining ta’lim tizimiga aylantirish muhimligini ta’kidladi.
Yalpi majlisdan so‘ng 4 ta seksiyada ish tashkil etildi.
Seksiya yig‘ilishlarida taqdim etilgan bunday keng mavzular O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2024 yil 1 fevralda imzolangan “Pedagog maqomi to‘g‘risida”gi qonuni mazmun-mohiyatini nazarda tutadi.
So‘zga chiqqan konferensiya ishtirokchilari respublikamizda ilk bor qabul qilingan mazkur me’yoriy hujjatning ahamiyati va dolzarbligi, o‘qituvchining rolini sezilarli darajada oshirishi, o‘qituvchining kasbiy faoliyatining barcha muhim jihatlarini qamrab olganini ta’kidladi.
Konferensiya yuqori saviyada tashkil qilinib, undagi ma’ruzalar, fikr-mulohazalar va bahs-munozaralar ilmiy hamjamiyat uchun katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Yakunda barcha ishtirokchilarga sertifikatlar taqdim etildi, ilmiy maqolalar to‘plami elektron shaklda nashr etildi hamda ilmiy ma’lumotlar bazasiga joylashtirildi.
Ushbu ilmiy tadbir pedagogika sohasida yangi g‘oyalar, yondashuvlar va hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladigan muhim platforma bo‘lib qoldi.
Dildora DO‘SMATOVA, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA