English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim-tarbiya yo‘nalishidagi vazifalar deputatlar e’tiborida
11:51 / 2025-05-20

Ma’lumki, shu yil 15 may kuni Prezidentimiz raisligida maktab ta’limi tizimi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, sohadagi natijalar sarhisob qilindi, muammolar tahlil etildi. Shuningdek, kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, oxirgi 7 yilda maktabgacha va maktab ta’limi uchun ajratilgan mablag‘ 7 karra oshirildi. Maktablarda 1 millionga yaqin, bog‘chalarda 1,5 million yangi o‘rinlar yaratildi. Bog‘cha bilan qamrov 3 karra oshib, 78 foizga yetdi.  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalar fraksiyalarining yig‘ilishlarida mazkur videoselektorda ko‘tarilgan masalalar mazmun-mohiyati muhokama qilinib, fraksiyalar oldida turgan vazifalar belgilab olindi. Jumladan, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida ta’lim-tarbiya masalasi partiyaning ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekani qayd etilib, videoselektorda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha qator fikr-mulohaza va takliflar bildirildi.  

Qayd etilganidek, bundan yetti-sakkiz yil oldin bog‘cha qamrovi atigi 10-12 foiz edi va partiya dasturiy vazifalaridan kelib chiqib, tinimsiz bu haqda bong urardi. So‘nggi yetti yilda bu borada olib borilgan qat’iy va samarali islohotlar natijasida bugun bu ko‘rsatkich 78 foizga yetib, bolalar qamrovi 700 mingdan 2,3 millionga yetkazildi. Bugun mamlakatda 7 mingta davlat va 31 mingdan ziyod xususiy bog‘chalar faoliyat yuritmoqda.

Fraksiya a’zolari bog‘cha tarbiyalanuvchilariga hayotiy ko‘nikmalar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni singdira oladigan, vatanparvarlik ruhida tarbiyalaydigan pedagoglar zarurligidan kelib chiqib, oliy ma’lumotli tarbiyachilar tayyorlashni ko‘paytirish, buning uchun ish haqini oshirib, tarbiyachilikni jozibador kasbga aylantirish takliflarini ilgari surgan edi. Bu boradagi sa’y-harakatlar natijasida bugun bog‘cha tarbiyachilari oyligi 65 foizga oshib, maktab o‘qituvchilarinikiga tenglashdi.  

Davlatimiz rahbari zararli axborotlarga qarshi tura oladigan milliy kontent yaratish zarurligini ta’kidlab, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi qoshida Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tashkil qilinganini qayd etdi. Ushbu markaz bolalar tarbiyasi va sog‘lig‘iga salbiy ta’sir qiladigan axborot makonidagi kontentni tahlil qiladi. Mahalliy ijodkorlarga milliy kontent yaratish bo‘yicha buyurtma berib, sohada kadr tayyorlashni tashkil qiladi.  

Fraksiya a’zolari bu borada “Milliy tiklanish” partiyasi uzoq yillardan buyon bolalar ma’naviyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi axborotlardan himoya qilish, to‘g‘ri axborot berish, ularni tarbiyalash, tafakkuriga ta’sir ko‘rsatish uchun milliy kontent, animatsion filmlarni yaratish va ular orqali qadriyatlarimizni singdirish masalalarini ko‘tarib kelishini qayd etib, Prezident tashabbuslarining dolzarbligini e’tirof etdilar.  

Yig‘ilishda videoselektorda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha fraksiya oldida turgan vazifalar belgilab olindi.

Muhtarama Komilova,

O‘zA