Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim-tarbiya yo‘nalishidagi normalar farzandlarimiz kamolotiga xizmat qiladi
16:45 / 2022-07-21

Ayni kunlarda qizg‘in muhokama qilinayotgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga ko‘ra, Bosh qomusimizning 41-moddasi bilan davlat maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirishga ko‘maklashishi mustahkamlab qo‘yilmoqda.

Shuningdek, davlat har bir bolaning umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirishi uchun majburiy bir yillik tayyorgarlikdan o‘tishga bo‘lgan huquqini kafolatlaydi. Bepul umumiy o‘rta ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Umumiy o‘rta ta’lim majburiydir. Maktab ishlari, maktabgacha ta’lim va tarbiya davlat nazoratida bo‘ladi.  

Bundan tashqari, mazkur moddada pedagog xodimlarning maqomini har jihatdan mustahkamlash jamiyat va davlatning maqsadi hamda mas’uliyatli vazifasi ekanligi, pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashishga, shuningdek, ularning xizmat majburiyatlarini bajarishiga monelik qilishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilab qo‘yilmoqda. Bu kabi normalar, ayniqsa, ta’lim-tarbiya sohasi vakillari tomonidan alohida e’tirof etilmoqda.  

Olmazor tumani hokimligida “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy va Toshkent shahar kengashi tomonidan maktabgacha ta’lim tashkilotlari mutaxassislari ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda Konstitutsiyaviy qonun loyihasidagi ayni jihatlar ishtirokchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. 

Muloqotda partiya Markaziy kengashi bo‘lim boshlig‘i Doniyor Toshboyev, Toshkent shahar kengashi raisi o‘rinbosari Zulayho Kamolxo‘jayeva hamda xalq deputatlari Olmazor tumani Kengashi deputati Nigora Mirzayeva Konstitutsiyamizga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumotlar berdi. Shuningdek, ma’ruzachilar  ta’lim-tarbiya sohasida olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdilar. 

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda o‘sib borayotgan avlodni sog‘lom va yetuk qilib tarbiyalash, ta’lim-tarbiya jarayoniga samarali ta’lim va tarbiya shakllari hamda usullarini joriy etishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari sonini yanada oshirdi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasida ta’lim-tarbiya yo‘nalishida taklif etilayotgan yangi normalarning barchasi kelgusida mazkur tizimni yanada rivojlantirish, farzandlarimizning munosib ta’lim olishiga xizmat qiladi. 

Uchrashuvda bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrovini kengaytirish, maktabgacha ta’lim muassasalarini zamonaviy o‘quv-metodik materiallar va badiiy adabiyotlar bilan to‘ldirish, sohaga malakali pedagog va boshqaruv kadrlarini jalb qilish masalalari muhokama etilib, asoslantirilgan takliflar bildirildi.  

M.Komilova, O‘zA