Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim-tarbiya uchun pedagoglar mas’ul
10:35 / 2023-12-29

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida ulg‘ayib kelayotgan avlod tarbiyasida madaniyat, san’at, ijod ahlining o‘rni beqiyos ekani alohida ta’kidlandi. Ayni paytda bunday mas’uliyatli vazifani ado etishda pedagog kadrlar zimmasidagi vazifalar ham yuksakdir.

Vazirlikning joriy yil faoliyati sarhisobi hamda kelgusi yildagi istiqboldagi rejalarni amalga oshirishga doir kengaytirilgan yig‘ilishida bu jihatlarga katta e’tibor qaratildi.  

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda vazirlik hamda tizim tashkilotlari tomonidan 2023 yilda amalga oshirilgan ishlar tahlil etilib, kelgusi faoliyat rejalari belgilab olindi.

Keyingi yillar davomida mamlakatimiz ta’lim tizimini jahon andozalari darajasida isloh etishga, bu borada ilg‘or dunyoviy tajribalarni keng tatbiq etishga katta e’tibor qaratilayotgan bo‘lsa, ma’naviy-axloqiy tarbiya borasida ibratli milliy qadriyatlarimizga tayanish, bunda jadid bobolarimizning sa’y-harakatlarini namuna bilish bugun har qachongidan ham dolzarb sanaladi.  

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev sa’y-harakatlari bilan mamlakatimizda o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilishga butunlay chek qo‘yildi. Pedagog xodimlarning xizmat vazifalarini bajarishlariga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi. Ta’limda ortiqcha qog‘ozbozlik va byurokratiyaga barham berildi. Eng muhimi, maktabgacha va maktab ta’limi tizimi rivoji uchun kompleks yondashuv paydo bo‘ldi.

Joriy yilda yurtimizda maktablar soni 10 ming 163 taga yetkazilib, ularda 6,4 million nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olmoqda. Maktablarimizga 500 nafar xorijlik mutaxassis jalb etildi, kelgusi yilda ular safini yanada kengaytirish rejalashtirilmoqda.  

Olis va chekka hududlarda dars o‘tish uchun borgan pedagoglarimizga 50 va 100 foizlik, xalqaro va milliy fan sertifikati uchun 20 va 50 foizlik maxsus ustamalar berilmoqda. So‘nggi besh yil davomida malaka toifasiga ega o‘qituvchilar 220 ming nafardan 285 ming nafarga yetdi.

Joriy o‘quv yilidan respublika miqyosida 500 ta maktabda bilimni baholashning yangi tartibi (formativ va summativ baholash) tajriba-sinov tariqasida joriy etish jarayonlari boshlandi. Maktablarimizga 500 nafar (Toshkent shahridagi barcha maktab) xorijlik mutaxassislar jalb etildi, kelgusi yil bu raqam yanada oshiriladi.  

Keyingi yillarda yurtimizda 5 ming 140 ta maktabda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Toshkent shahrida bugungi kunda xususiy sektor hisobiga nodavlat umumta’lim tashkilotlari soni 145 taga yetkazildi.  

Joriy yilning 20-26 dekabr kunlari vazirlik tomonidan yurtimizning barcha joylarida “Ustoz – ta’lim bunyodkori” shiori ostida O‘qituvchilar qurultoyi tashkil etilib, ushbu tadbirlarda sohadagi muammolar xususida atroflicha so‘z yuritildi.  

Samimiy muloqot shaklida o‘tkazilgan mazkur tadbirlarda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri, vazir o‘rinbosarlari va mas’ullar tomonidan joriy yil davomida ta’lim sohasini har tomonlama rivojlantirish borasida olib borilgan ishlar muhokama etildi. Shuningdek, kelgusidagi rejalar xususida atroflicha so‘z yuritildi.  

“Yangi O‘zbekiston” universitetida tantanali ruhda o‘tkazilgan ushbu tadbir doirasida vazirlik muassisligidagi bosma nashrlar – “Ma’rifat” – “Uchitel Uzbekistana”, “Tong yulduzi”, “Klass!» gazetalari, “Xalq ta’limi”, “Til va adabiyot ta’limi” – “ Prepodavaniye yazыka i literaturы ” – “Language and literature teaching”, “Boshlang‘ich ta’lim”, “Gulxan”, “G‘uncha” jurnallari tahririyatlariga noutbuk va fotoapparat jamlanmalari taqdim etildi.

Joriy yilda faol va samarali mehnat qilgan vazirlik hamda tizim xodimlari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi.

N.Usmonova, O‘zA