“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashida “Yangi O‘zbekiston islohotlarida tarbiya-ta’limning ahamiyati” mavzusida o‘quv-seminar o‘tkazildi.
Tadbirda so‘nggi yillarda hayot-mamot masalasiga aylangan ta’lim- tarbiya tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z bordi. Jumladan, Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 9 sentyabr kuni maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi sohasidagi islohotlar ijrosi hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishining ahamiyati, bu borada partiya oldida turgan ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, yurtimizda ta’lim va tarbiya sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Buning natijasida salohiyatli yoshlar safi ortib, ularning yutuqlari ko‘lami kengaymoqda. Xususan, joriy yil boshidan buyon xalqaro fan olimpiadalarida yurtimiz o‘g‘il-qizlari 195 ta medalni qo‘lga kiritgan. Xorijiy til egalari jalb qilingan mingdan ziyod maktabda til bo‘yicha sertifikat olgan o‘quvchilar soni bir yilda 2,5 barobar ko‘paygan.
Videoselektor yig‘ilishida sohadagi yutuq va kamchiliklar tahlil qilinib, ta’limning barcha yo‘nalishlarida katta o‘zgarish qilish zarurligi ta’kidlandi. Shu maqsadda bir qator ustuvor vazifalar belgilab berildi, yangi tashabbuslar ilgari surildi.

Mazkur yig‘ilishdagi ustuvor vazifalar ijrosiga ko‘maklashishda partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalari faol va tashabbuskor bo‘lishi zarurligi qayd etildi. Chunki O‘zMTDP ta’lim va tarbiya sohasida qator maqsad va vazifalarni o‘z oldiga qo‘ygan, bu borada muayyan tashabbuslarni amalga oshirib kelayotgan siyosiy kuchdir. Sohani bugungi zamon talablari darajasida yanada ravnaq toptirishda partiya o‘z hissasini qo‘shishi lozimligi ta’kidlandi. Bu borada kelgusidagi vazifalar belgilab olindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA