Yaqinda Webster universiteti o‘qituvchisi, bir necha darsliklar muallifi, ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilov bilan maktab ta’limi tizimidagi yangiliklar va o‘zgarishlar xususida suhbatlashdik.
Jumladan, xorijlik o‘qituvchilarni mamlakatimiz ta’lim dargohlariga jalb etish qanchalik samara berishi, rivojlangan xalqaro metodikalarni darsliklarda qo‘llash va maktab bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga kirishdagi ko‘rsatgichlari suhbatimizning asosiy mavzusi bo‘ldi.
- Chet eldan o‘qituvchilarni jalb qilish qanchalik samara beradi deb o‘ylaysiz?
- Har qanday yangilikning asosida ayniqsa ta’lim sohasining orqasida ilmiy tadqiqotlar turishi kerak. Ya’ni nimadir qilmoqchimizmi ilmga asoslanishimiz kerak. Shu narsa boshqa joylarda ish berganmi, olimlar bu narsani o‘rganganmi, nima degan, qanaqa xulosalar bergan. Mana shu tadqiqotlarga suyanishimiz kerak, deb o‘ylayman. Bu narsa bizga qimmat xatolarning oldini olish imkonini beradi. Bu xatolar qimmat degani nafaqat iqtisodiy nuqtai nazardan qimmat, balki, ularning kelajagiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan xatolarni oldini olish imkonini beradi… Til egalarining tilini ya’ni inglizzabonning ingliz tilini yoki fransuzzabonning fransuz tilini boshqa millat vakillariga qaraganda yaxshiroq o‘rgatishini tasdiqlaydigan ilmiy tadqiqot natijalarini ko‘rmadim. Shu mavzu bo‘yicha ilmiy ish maqolalarni varaqlab tahlil qilib ko‘rganimda shunaqa xulosalarga duch keldimki, xorijlikni jalb qilish o‘quvchining motivatsiyasiga ta’sir qilishi, uning sal ishtiyoqi balandroq bo‘lishi mumkin, lekin effekt shu bilan cheklanadi. Ya’ni uning metodikasi samaraliroq ekanligi yoki o‘quvchilarning yaxshiroq natijaga erishishi ilmiy isbotlanmagan.
- Ta’lim tizimida darsliklarda xorij tajribasini o‘rganish va o‘zimizda qo‘llash haqida harakatlar bo‘lmoqda, siz nima deb o‘ylaysiz, umuman ta’limda xorij tajribasini qo‘llash qanchalik muhim?
- Ta’limda xorij tajribasini o‘rganish kerak. Boya aytganimdek ilmiy tadqiqotlarga tayanish lozim. Bu birinchidan, boshqa davlatlar nima qilib yaxshi natijalarga erishganligini ko‘rish imkonini beradi, qaysi omillar shu muvaffaqiyatga olib kelganini ko‘rsatadi. Ikkinchidan, boshqa davlatlar qilgan xatolarni qaytarmaslik imkonini beradi. Rivojlangan davlatlarning darsliklarini o‘rganish ham yaxshi, lekin ularni shundoq ko‘chirib qo‘yib bo‘lmaydi. Chunki har bir davlatning o‘zining ta’lim standarti bor, o‘zining ta’limdagi maqsadlari bor. “Ta’lim filosofiyasi” deydi buni ilmiy tilda. O‘quvchilar nimaga erishishi kerak, qanaqa inson bo‘lib yetishishi kerak…
Ko‘p davlatlarda darsliklarni davlat yaratmaydi, davlat byudjetidan yaratilmaydi. Vazirlik davlat ta’lim standardlarini tasdiqlaydi. Bu yakuniy natijalarga olib boradigan talablar. Finlandiyada ham xuddi shunday xususiy nashriyotlar darsliklarni yaratadi va ularni erkin bozorga chiqaradi. O‘qituvchilar qaysi darslik o‘zining o‘qitish tamoyillariga mosligini o‘rganib turib, o‘qitish haqidagi qarorini erkin qaror qiladi.
Komil Jalilovning aytishicha, boshlang‘ich sinflar uchun “Novda Edutainment” ishlab chiqqan ayrim darsliklar oldingi milliy o‘quv dasturi darsliklari bilan uzviy bog‘liq emasligini aytadi va darsliklar o‘quvchilar yoshiga nisbatan murakkab.
- Maktablarni taqqoslaganda ancha farq sezilib qolmoqda. Masalan, Chiroqchidagi maktab bilan Toshkentdagi maktabni solishtirsak katta farq borligini ko‘ramiz. Nima deb o‘ylaysiz bunaqa ta’lim tizimi to‘g‘rimi?
- Umumiy o‘rta ta’limning sifat talablari bo‘lishi kerak. Masalan, o‘quvchilar soni falon sondan oshmasligi kerak, bitta o‘qituvchiga mana shuncha o‘quvchi to‘g‘ri kelishi kerak, mana bunaqa sharoitlar bo‘lishi kerak degan aniq talablar bo‘lishi kerak. Hamma maktablar shu talablar asosida ishlashi kerak. Ba’zi maktablarda laboratoriyasi deysizmi, hojatxona deysizmi, eng zamonaviy kutubxonasi deysizmi, hammasini qilib qo‘ysangizda, boshqa bir maktabda na kutubxona bor, na sport zal bor, na hojatxona bor. Bu adolatdan emas.
- Oliy ta’lim muassasalarida maktab bitiruvchilarning natijalari pastligi ta’limga bog‘liqmi yoki test jarayonlariga?
- Sotsiologiya ilmiy nuqtai nazaridan olib qarasangiz test bu - tarozi. Tarozi to‘g‘ri ishlashi uchun u bir qancha sifat bosqichlaridan o‘tishi kerak. Siz to‘g‘ri ishlayotganiga ishonch hosil qilib, undan keyin bu tarozini kimningdir bilimini bilish uchun ishlatolasiz… Bizga nima muhim darsliklardagi quruq raqamlarni yodlaydigan avlod kerakmi yoki fikrlaydigan avlod kerakmi mana shu narsani ham aniqlab olishimiz kerak. Afsuski, bizning testlarimiz quruq yodlashga asoslanmoqda. Inson xotirasi cheksiz emas, xohlagan ma’lumotingizni xohlagan sig‘imda tiqib qo‘yadigan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/z54fQN_QVF4" title="Ta’lim taraqqiyoti: muammo va yechimlar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Ekspert yana shuni qo‘shimcha qiladiki, ilmiy tadqiqotlar hammaga bir xil ta’lim berish kerakligini, boshqa yo‘l bilan inson kapitalini ko‘tarib bo‘lmasligini aytadi.
Sardorbek Poyonov, Abror Sodiqov (video), O‘zA.