O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Ushbu memorandumni imzolanishiga bag‘ishlangan tadbir «IT Park»da bo‘lib o‘tdi. Memorandum o‘zaro tenglik va manfaat tamoyillarini inobatga olgan holda xalq ta’limi sohasini yanada rivojlantirish, hamkorlikda raqamli iqtisodiyot yo‘nalishida tadqiqotlar olib borish maqsad qilingani bilan ahamiyatlidir.
Imzolangan hujjat O‘zbekiston Respublikasida xalq ta’limi sohasini raqamlashtirish yo‘lida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalarni joriy qilish, tadbirlar tashkil etish uchun qulay shart-sharoit yaratish, ta’lim tizimiga innovatsion g‘oyalar, raqamli texnologiyalar va yangi tashabbuslarni tatbiq etish va boshqalarni ko‘zda tutadi.

Uchshrashuv davomida Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazining bosh direktori Abduvali Haydarov joriy etilayotgan zamonaviy ta’lim uslublari, umumta’lim maktablari o‘qituvchilarining malakasini hamda yoshlarni bilim olishga bo‘lgan qiziqishini oshirish maqsadida ishlab chiqilayotgan loyihalar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, Raqamli iqtisodiyot tadqiqotlari markazi vakillari o‘qituvchilar va o‘quvchilar uchun ishlab chiqilgan video kontent hamda ta’lim sohasining ko‘p yo‘nalishlarini raqamlashtirish uchun yaratilgan veb-platformalar bilan tanishib chiqib, kelajakda hamkorlikda bundan ham ilg‘or loyihalar ishlab chiqish istagini bildirdi.
O‘zA