Munosabat
Davlatning ertangi kuni yoshlarning qay darajada bilimli ekani bilan bevosita bog‘liq. Shu bois, ta’lim tizimini rivojlantirish har bir davlatning muhim vazifasi hisoblanadi.
O‘zbekistonda so‘nggi yillar davomida Harakatlar strategiyasi va uning mantiqiy davomi Taraqqiyot strategiyasi doirasida, rivojlangan davlatlar kabi uzluksiz ta’lim tizimini muntazam takomillashtirib borish, sifatli ta’lim-tarbiya berish, malakali kadrlarni tayyorlash bo‘yicha sezilarli islohotlar amalga oshirildi.
Ushbu islohotlar uchun davlat byudjetidan xarajatlar so‘nggi 6 yilda 4,3 baravarga oshirildi, maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 2016 yildagi 5211 tadan 2021 yilga kelib 19316 taga, maktablar soni 9719 tadan 10289 taga yetkazildi, 11 yillik majburiy maktab ta’limi qayta tiklandi, maktab o‘qituvchilarining ish yuklamasi maqbullashtirildi va majburiy mehnatga barham berildi. Ta’lim sohasi vakillarining oylik maoshi qariyb 4 baravarga oshirildi, OTM soni 70 tadan 191 taga yetkazildi, oliy ta’limdan keyingi ta’limning ikki pog‘onali tayanch doktorantura (PhD) va doktorantura (Doctor of Science) tizimi joriy etildi.
Ta’lim sohasidagi islohotlar natijasida maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 27,7 foizdan 67 foizga, maktablardagi malakali oliy ma’lumotli o‘qituvchilar ulushi 81,8 foizdan 87,8 foizga, yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 38 foizga yetkazildi.
Sohada islohotlarni izchil davom ettirish maqsadida 2026 yilga qadar Taraqqiyot strategiyasi doirasida maktabgacha ta’limda qamrov darajasini hozirgi 67 foizdan 80 foizga yetkazish, 7 mingdan ziyod yangi nodavlat MTTlarni tashkil etish, maktab ta’limi tizimida qo‘shimcha 1,2 million o‘quvchi o‘rnini yaratish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun bepul ovqatlanish bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan ijobiy amaliyotni 2023/2024 o‘quv yilidan qolgan barcha viloyatlar va Toshkent shahri maktablarida ham joriy etish ko‘zda tutildi. Shuningdek, oliy ta’limda qamrov darajasini 50 foizga, nodavlat OTMlar sonini kamida 50 taga yetkazish belgilab olindi.
Yuqorida keltirilgan islohotlar yanada bardavom bo‘lishi uchun konstitutsiyaviy qonunchilikda yoshlarning uzluksiz ta’lim olishga bo‘lgan imkoniyatlarini mustahkamlash taqozo etilmoqda.

Shuni inobatga olgan holda, yangilanayotgan Konstitutsiyada ilk marotaba bog‘cha yoshidagi bolalarning ta’lim va tarbiyasi sohasidagi davlat kafolatining joriy etilishi, bolaning o‘rta ta’lim olishi majburiyligi va davlat tomonidan bepul ta’minlanishi, fuqarolar davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy ma’lumot olishi kabi qo‘shimchalar bilan to‘ldirilmoqda.
Ta’lim sohasida davlatning alohida majburiyatlari sifatida imkoniyati cheklangan bolalarning sifatli ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan aniq mexanizmlar nazarda tutilgan bo‘lib, ta’lim tashkilotlarida alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim va tarbiya ta’minlanishi haqida ijtimoiy norma kiritilmoqda.
Yuqoridagi islohotlarni amalga oshirish uchun ta’lim berish sifatiga e’tibor berish va ushbu sohada ishlashning jozibadorligini doimiy ravishda oshirib borish zarur. Zero, millat va xalqning rivoji, uning intellektual salohiyatini oshirish o‘qituvchilar faoliyatiga bog‘liq. O‘qituvchi ilm-fan sirlari, ma’naviy va madaniy merosni yoshlarga yetkazishda muhim bo‘g‘in hisoblanadi. Demak, o‘qituvchilarga o‘zlarining salohiyatini to‘liq namoyon etishlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, ularni ijtimoiy, huquqiy, moddiy qo‘llab-quvvatlash darkor.
Shu bois Konstitutsiyaga o‘qituvchining jamiyatdagi maqomiga bag‘ishlangan alohida modda kiritilmoqda. O‘zbekistonda o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etilishi mustahkamlanmoqda. Davlatning o‘qituvchilar sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishi, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi nazarda tutilmoqda.
O‘z navbatida, mazkur yangilik mamlakatda faoliyat yuritayotgan 685 mingdan ortiq pedagogning ijtimoiy mavqeini mustahkamlash, ular davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini kuchaytirish va kasbiy o‘sishini ta’minlash imkoniyatini yaratadi.
Xulosa shuki, inson kapitali sifatini oshirmasdan turib, keyingi iqtisodiy o‘sishni ta’minlash qiyin kechadi. Shu bois zarur kuch va resurslarni ta’lim sifatini oshirishga, malakali kadrlar tayyorlashga yo‘naltirish nafaqat bugun, balki ertaning ham ustuvor vazifasiga aylanmoqda.
Shu boisdan ham, har bir mamlakat erkin va farovon jamiyat qurishga intilar ekan, bu yo‘ldagi ulug‘vor maqsad va vazifalarini, avvalo, o‘z Konstitutsiyasida mustahkamlaydi. Bunga esa, aslo shubha yo‘q.
Eldor TULYAKOV,
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi
ijrochi direktori.
O‘zA