Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim sohasidagi hamkorlik
18:50 / 2022-07-19

“O‘zbekiston-Afg‘oniston” do‘stlik jamiyati ikki qardosh xalqlar o‘rtasida madaniy-gumanitar munosabatlarni yanada jonlantirish yo‘lida o‘ziga xos do‘stlik ramziga aylandi. Ma’lumki, O‘zbekiston va Afg‘oniston xalqlarini azaldan umumiy tarix, mushtarak urf-odatlar, diniy hamda buyuk ajdodlar merosi singari do‘stlik rishtalari bog‘lab turadi. O‘zbekiston bugungi kunda qo‘shni Afg‘oniston bilan barcha sohalarda keng hamkorlik aloqalarini tobora rivojlantirib bormoqda.

O‘tgan davr ichida “O‘zbekiston-Afg‘oniston” do‘stlik jamiyati tashabbusi asosida Afg‘oniston yoshlari bilan muntazam uchrashuvlar, davra suhbatlari va muloqot o‘tkazish orqali O‘zbekistonning Afg‘oniston yoshlarini o‘qitish, ikki mamlakat yoshlari o‘rtasida madaniy targ‘ibot ishlarini jonlantirishga oid ko‘plab tadbirlar o‘tkazilmoqda.

“O‘zbekiston-Afg‘oniston” do‘stlik jamiyati va O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huzuridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi o‘rtasidagi Hamkorlik kelishuviga muvofiq, Termiz davlat universitetida “Alisher Navoiy va Hamza Shinvoriy she’riyatida umumbashariy g‘oyalar talqini” mavzusida adabiy kecha o‘tkazildi.

Tadbirni markaz direktori O.Ro‘ziyev olib bordi. Adabiy kechada “O‘zbekiston-Afg‘oniston” do‘stlik jamiyati a’zosi S.Qoraboyev, TDSHU dotsenti R.Alimuxamedov, TerDU professor-o‘qituvchilari B.Muhiddinov, Nisor Ahmad Emodiy, Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish ta’lim markazi vakili S.To‘rayeva va afg‘onistonlik talabalar mavzu doirasida o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdilar.

Tadbirda, shuningdek, o‘zbek va afg‘on talabalari Hazrat Navoiy va Hamza Shinvoriyning ijodidan namunalar o‘qidilar, qo‘shiqlar kuyladilar.

Shak-shubhasiz, bu tadbir adiblar hayoti va ijodini o‘rganish hamda xalqlarimiz orasida targ‘ibot ishlarini kengaytirish, O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi ta’lim aloqalarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Aytish joizki, joriy yilning 5 aprelida mazkur yo‘nalishda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida Afg‘onistonning taniqli jamoat va davlat arboblari hayoti va ijodi bilan O‘zbekiston jamoatchiligini tanishtirish maqsadida “Afg‘on mumtoz adabiyotining buyuk vakili Xushholxon Xattak ijodida tinchlik, vatanparvarlik va insonparvarlik masalalari” nomli ijodiy kecha tashkil etilgan va bu haqida Afg‘onistonning nufuzli “Kabul Times” gazetasining 2022 yil 14 apreldagi sonida Suhrob Bo‘ronovning maqolasi chop etilgan edi.

X.Alimova,

“O‘zbekiston-Afg‘oniston” do‘stlik

jamiyatining ijrochi direktori,

TDSHU professori