Joriy yil 7-8 oktyabr kunlari Farg‘ona davlat universitetida “Innovatsion hamkorlik: oliy va o‘rta maxsus ta’lim masalalari bo‘yicha O‘zbekiston – Belarus forumi va kasbiy ta’lim” mavzusidagi muhim xalqaro anjuman bo‘lib o‘tadi.
Forum oliy va o‘rta maxsus ta’lim sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, innovatsion yondashuvlar almashish hamda istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda muhim maydon vazifasini o‘taydi.

Anjuman doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar, shartnoma va anglashuv memorandumlarini imzolash marosimlari, shuningdek, forumning yalpi majlislari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tadbirda ta’lim sohasidagi ilg‘or tajribalar bilan o‘rtoqlashish, hamkorlikda amalga oshirilayotgan va rejalashtirilayotgan dasturlarni muhokama qilish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, ishtirokchilar uchun madaniy dasturlar, xususan, Marg‘ilon va Rishton shaharlariga sayohatlar ham tashkil etiladi. Bu o‘z navbatida, mamlakatimizning boy tarixi va madaniy merosini tanitishga xizmat qiladi.

Bugungi kunda forumga tayyorgarlik ishlari qizg‘in olib borilmoqda. Mazkur jarayonni muvofiqlashtirish maqsadida tuzilgan ishchi guruh navbatdagi yig‘ilishda forum doirasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan tadbirlar, tashkiliy masalalar va aniq yo‘l xaritalarini muhokama qildi.
Mazkur xalqaro anjuman O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ta’lim sohasidagi strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim o‘rin tutishi, shubhasiz.
Nilufar Bozorova, O‘zA