2026-2027 o‘quv yilidan boshlab yurtimizdagi maktab, texnikum va kasb-hunar kollejlarida yangi ta’lim tashabbusi – “mahorat va biznes soati” o‘tiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi xabar berishicha, yoshlarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan mazkur dastur doirasida haftaning har payshanba kuni o‘quvchilar o‘z startap g‘oyalarini nafaqat ota-onalari va ustozlari, balki ishbilarmon va ilmiy doira ekspertlariga ham taqdim etadi. Maktab startap mahsulotlari marketpleyslarda joylashtirilib, bu bo‘lajak tadbirkorlarga real bozorni his qilish va o‘z g‘oyalaridan daromad olish imkonini beradi.
Bundan tashqari, o‘quvchilar “Eng yaxshi startap g‘oyalar” tanlovlarida ishtirok etishi mumkin bo‘ladi. Tanlovning tuman bosqichi g‘oliblari 5 million so‘m, viloyat bosqichi g‘oliblari esa 10 million so‘m mukofot puli bilan taqdirlanadi. Bu yoshlarning faol ishtirok etishi, ularda o‘z bilim va imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchi mustahkamlanishiga turtki bo‘ladi.
1-aprelga qadar kraudsorsing orqali davlat tashkilotlari va korxonalarining real vazifalarini hal etish imkonini beradigan onlayn-platformani ishga tushirish rejalashtirilgan. Tashkilotlar har yili loyihalar mualliflari bilan uchrashib, “startaplar kuni”ni o‘tkazadi va ularni joriy qilish salohiyatini baholaydi. Bu ta’lim muhiti va davlatning amaliy ehtiyojlari o‘rtasida ko‘prik yaratib, o‘quvchi va talabalarning g‘oyalarini amaliy yechimlarga aylantiradi.
Shu tariqa ta’lim tizimi real tadbirkorlik loyihalari uchun platformaga aylanadi. Maktab, universitet tashabbuslari va grantlar yoshlar uchun ulkan imkoniyatlarni ochadi. Maktab, texnikum va kasb-hunar kollejlari nafaqat bilim olish maskani, balki to‘laqonli innovatsiyalar inkubatoriga aylanadi.
Roman BONDARCHUK, O‘zA