Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Ta’lim sohasida sun’iy intellektdan foydalanish” mavzusida xalqaro anjuman o‘tkazildi
18:51 / 2022-08-27

Bugun Innovatsion rivojlanish vazirligida YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda “Ta’lim sohasida sun’iy intellektdan foydalanish” mavzusidagi xalqaro anjuman bo‘lib o‘tdi.

Ushbu tadbirni o‘tkazishdan maqsad – xozirgi kunda ta’lim sohasiga sun’iy intellekt texnologiyalari joriy qilinishi, buning yutuq va istiqbolini muhokama qilishdan hamda xorijda va respublikamizda olib borilayotgan ishlar bo‘yicha tajriba almashish. 



Xorijiy mutaxassislar ishtirokida o‘tgan yig‘ilish sun’iy intellekt yo‘nalishida ta’lim berayotgan professor o‘qituvchilar, ilmiy tadqiqot olib borayotganlar, shuningdek, mamlakatimizda mazkur yo‘nalishdagi xususiy firma va tashkilotlar bilan xorijiy mutaxassislar o‘rtasida erishilgan yutuqlar bo‘yicha tajriba almashish maydoniga aylandi. 

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Sun’iy intellekt bo‘yicha maslahat kengashi raisi Bobur Rahimov Maslahat kengashining vazifalari, maqsad-muddaosi haqida so‘zlab, mahalliy va xorijiy ekspertlarni mazkur yangi tuzilmaga a’zolikka taklif etdi. 



Qayd etish kerak, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun shart-sharoit yaratish yuzasidan hukumatimiz tomonidan belgilab berilgan vazifalar bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilyapti. Ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha umumiy qiymati 38,9 milliard so‘m bo‘lgan, davomiyligi 2021-2024 yillarga mo‘ljallangan jami 24 ta amaliy, innovatsion, fundamental va xalqaro loyiha bajarilmoqda. 

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot institutida raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt ixtisosligi bo‘yicha oliy ta’limdan keyingi ta’lim yo‘nalishi ochilgani alohida ta’kidlandi. Sun’iy intellekt sohasida tayanch doktorantura va stajyor-tadqiqotchilikka jami 33 ta maqsadli kvotalar ajratilgan. 



Ma’lum qilishlaricha, 2022 yil oktyabrda bo‘lib o‘tadigan “InnoWeek.uz” innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida tashkil etiladigan “Urban.Tech Uzbekistan” hakaton musobaqasida cun’iy intellektni qo‘llash bo‘yicha loyihalar kiritilishi rejalashtirilgan. 

Tadbir qatnashchilari, albatta, ushbu sohani rivojlantirish bir necha loyihalarni amalga oshirish bilan tugab qolmasligini, oldimizda eng asosiy vazifa – sun’iy intellekt rivojlanishi uchun zarur infratuzilma, bilim va inson kapitalini shakllantirish lozimligini aytib o‘tishdi. 

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi, bank, moliya, soliq, transport, energetika, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika va elektron hukumat sohalarga sun’iy intellekt imkoniyatlarini olib kirishdek muhim vazifa turgani ma’qullandi. Bunday mas’uliyatli ishlarni amalga oshirishda jahon  texnologik taraqqiy etgan davlatlari mutaxassislari, bilim va tajribalaridan o‘rgangan holda, ular bilan yaqindan hamkorlik qilish muhim, deya e’tirof etildi.  

B.Xudoyberdiyev, 
O‘zA