Buxoro viloyatida umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, yosh avlodning sifatli ta’lim-tarbiya olishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Joriy yilning o‘zida viloyatdagi 99 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti va 201 ta maktab, jami 300 ta ta’lim muassasalarida qurilish-ta’mirlash va jihozlash ishlari olib borildi, – deydi Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Hamza Elliyev. – Ushbu maqsadlar uchun 1 trillion 200 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida maktabgacha ta’lim muassasalarida 8 000 nafar tarbiyalanuvchi, umumta’lim maktablarida esa 24 000 nafar o‘quvchi uchun qo‘shimcha o‘rinlar yaratildi. Ayniqsa, bolalar bog‘chasi umuman mavjud bo‘lmagan 15 ta mahallada 240 o‘rinli zamonaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari barpo etildi. Shuningdek, sport zaliga ega bo‘lmagan 10 ta maktabda zamonaviy sport zallari qurilib, foydalanishga topshirildi.


Ta’lim infratuzilmasini yaxshilash bilan bir qatorda, iqtidorli o‘quvchi-yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni kamol toptirishga hissa qo‘shayotgan fidoiy ustoz-o‘qituvchilarni moddiy rag‘batlantirish hamda ularning xorijiy davlatlarda malakasini oshirish maqsadida joriy yilning o‘zida mahalliy byudjet hisobidan 1,2 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.


Buxoro viloyatida ta’lim sohasiga qaratilayotgan bunday yuksak e’tibor ertangi kunga, bilimli va barkamol avlod kamoliga yo‘naltirilgan mustahkam sarmoyadir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.