Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim sohasi – mamlakatimiz rivojlanish strategiyasining asosiy yo‘nalishlaridan biri
12:26 / 2025-11-26

So‘ngi sakkiz yil mobaynida mamlakatimiz barcha sohalarda chuqur islohotlar maydoniga aylandi. Bu islohotlar markazida, avvalo, inson kapitali turadi. Shu nuqtai nazardan ijtimoiy sohaning asosi hisoblangan ta’lim tizimida amalga oshirilgan o‘zgarishlar alohida e’tiborga loyiqdir. 2017-2024 yillar davomida ta’lim xizmatlari hajmi 7 baravarga oshib, 2017 yildagi 4,4 trln. so‘mdan 2024 yilga kelib 31,9 trln. so‘mga yetkazilgani ta’limga bo‘lgan ustuvor munosabatning amaliy ifodasi hisoblanadi. Bu raqamlar moliyaviy ko‘rsatkichlargina emas, balki ta’lim sifati, qamrovi va infratuzilmasining kengayishiga zamin yaratgan resurslar miqyosi haqida ham tasavvur beradi.

Ta’lim tizimida amalga oshirilgan islohotlarning eng muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida sohaga xususiy sektorning keng jalb etilishi va davlat-xususiy sheriklikni tashkil etishni qayd etish mumkin. Ana shu yondashuv natijasida davlat byudjeti resurslariga qo‘shimcha ravishda xususiy tashabbus va sarmoyalar jalb qilinib, ta’lim infratuzilmasini tezkor yangilash, zamonaviy ta’lim standartlarini joriy etish va raqobat muhitini shakllantirish imkoni yaratildi.

Maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirishga qaratilgan maqsadli siyosatning amaldagi ifodasi

Sohada amalga oshirilgan islohot va chora-tadbirlar, ayniqsa, maktabgacha ta’lim tizimida sezilarli natijalarga olib keldi. 2017 yilda nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari (MTT) soni atiga 1,4 mingtani tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib bu ko‘rsatkich 31 mingdan oshib ketdi. Nodavlat MTTlar sonining bunday keskin o‘sishi, bir tomondan, xususiy sektor uchun yaratilgan qulay sharoitlar samarasi bo‘lsa, ikkinchi tomondan, davlat tomonidan maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirishga qaratilgan maqsadli siyosatning amaldagi ifodasidir.

Natijada, mamlakatimizda maktabgacha ta’lim bilan qamralgan bolalar soni mutlaq qiymatda 932 ming nafardan 2,5 barobarga oshib, 2,5 mln. nafarga yetkazildi. Bu nafaqat statistik ko‘rsatkichlar o‘sishi, balki keyinchalik umumiy o‘rta va oliy ta’lim bosqichlarida bilim sifatini oshirish, mehnat bozoriga raqobatbardosh kadrlar tayyorlash uchun mustahkam poydevor shakllanishini anglatadi.

Umumiy o‘rta ta’lim: yangi maktablar, yangi o‘rinlar, yangi imkoniyatlar

Umumiy o‘rta ta’lim tizimida erishilgan natijalarni alohida ta’kidlab o‘tish zarur. Respublikadagi maktablar soni 2017 yilda 9 671 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda ushbu ko‘rsatkich 10 943 taga yetkazildi. Shu bilan birga, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash evaziga xususiy maktablar soni 2017 yildagi 84 tadan 2024 yilda 455 tagacha ko‘paydi. Bu o‘zgarishlar ta’lim xizmatlari bozorida raqobatni kuchaytirib, ta’lim sifatiga qo‘shimcha turtki berdi.

Oxirgi yetti yil mobaynida qurilish va rekonstruksiya ishlari ham jadal ravishda amalga oshirildi. 2017 yilda 362 ta maktab rekonstruksiya qilinib, 47,5 ming nafar o‘quvchi o‘rni yaratilgan bo‘lsa, 2024 yilda 608 ta maktab mukammal rekonstruksiya qilinib, 180 ming nafardan ortiq yangi o‘quvchi o‘rinlari tashkil etildi. Bu maktablarda o‘quvchi bolalar sonining ortishi, sinflardagi zichlikni kamaytirish va o‘qitish sharoitlarini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Shu tarzda, ta’lim infratuzilmasini modernizatsiya qilish orqali ta’limning uzluksizligi va sifatini ta’minlashga qaratilgan kompleks yondashuv amalga oshirildi.

Oliy ta’lim: ommaviylashuv va ilmiy salohiyat 

Ushbu muddat davomida oliy ta’lim muassasalari sonida ham tarixiy o‘sish qayd etildi. 2017 yilda oliy ta’lim muassasalari soni 77 tani, shundan nodavlat OTMlar soni 7 tani tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib ularning umumiy soni 211 taga yetdi, nodavlat OTMlar soni esa 99 tani tashkil etdi. Bunday dinamika oliy ta’lim tizimining geografiyasi va formatini kengaytirib, aholi uchun yuqori ta’limga ega bo‘lish imkoniyatlarini ancha oshirdi.

Natijada, oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 23 foizdan 43 foizga yetkazildi. Bu ko‘rsatkich mamlakatda oliy ta’lim ommaviylashuvi, bilimga bo‘lgan talab va qiziqishning ortib borayotganini ko‘rsatadi. Talabalar soni ham sezilarli darajada oshib, 2017 yilda qariyb 280 ming nafar bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib ushbu ko‘rsatkich 4,8 baravarga oshib, 1,2 mln. nafarni tashkil etdi. O‘quvchilar soniga mutanosib ravishda ta’lim dasturlarining turfa xillashishi, zamonaviy yo‘nalishlarning ochilishi va mehnat bozori talablariga mos kadrlar tayyorlash imkoniyati kengaydi.

Ilmiy tadqiqot va doktorantura

Amalga oshirilgan islohotlar natijasida oliy ta’lim muassasalarida ilmiy salohiyatni mustahkamlash bo‘yicha ham muhim chora-tadbirlar ko‘rildi. Jumladan, doktorantura uchun ajratilgan qabul kvotalari soni 2017 yilda atiga 247 nafar bo‘lgan bo‘lsa, 2024 yilga kelib 9 026 nafarni tashkil etdi. Bu raqamlar oliy ta’lim muassasalari ilmiy-pedagogik kadrlarining ko‘payishi, yangi avlod olimlarini tayyorlash va innovatsion iqtisodiyot uchun zarur bo‘lgan yuqori malakali mutaxassislar salohiyatini oshirishga qaratilgan siyosatning amaliy natijasidir.

Shu bilan birga, OTMlardagi umumiy ilmiy salohiyat 2017 yildagi 32 foizdan 2024 yil uchun 44 foizga yetkazildi. Ilmiy salohiyatning bunday o‘sishi universitetlarning tadqiqot markazlari sifatida rolini kuchaytirib, ularni faqat ta’lim emas, balki ilmiy-innovatsion faoliyat markazlariga aylantirishga xizmat qilmoqda.

Ta’lim – islohotlar markazida

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan taqdim etilgan юқоридаги raqam va ko‘rsatkichlar so‘nggi sakkiz yil mobaynida ta’lim tizimida amalga oshirilgan islohotlar izchil va kompleks xarakterga ega ekanini ko‘rsatadi. 2017-2024 yillarda ta’lim xizmatlari hajmining 7 baravarga oshishi, maktabgacha ta’limda nodavlat MTTlar sonining 1,4 mingtadan 31 mingdan ortiq ko‘rsatkichgacha o‘sishi, bolalar qamrovining 932 ming nafardan 2,5 mln. nafarga yetkazilishi, umumiy o‘rta ta’limda maktablar sonining 9 671 tadan 10 943 taga ko‘payishi va xususiy maktablar sonining 84 tadan 455 tagacha ortishi, 2017 va 2024 yillarda rekonstruksiya qilingan 362 va 608 ta maktabda mos ravishda 47,5 ming va 180 mingdan ortiq o‘quvchi o‘rinlarining yaratilishi, shuningdek oliy ta’lim muassasalari sonining 77 tadan 211 taga, nodavlat OTMlar sonining 7 tadan 99 tagacha ko‘payishi, qamrov darajasining 23 foizdan 43 foizga oshishi, talabalar sonining 280 ming nafardan 1,2 mln. nafargacha, ya’ni 4,8 baravarga ko‘payishi va doktorantura kvotalarining 247 nafardan 9 026 nafargacha oshishi hamda ilmiy salohiyatning 32 foizdan 44 foizga yetkazilishi ta’lim sohasi mamlakat rivojlanish strategiyasining markaziy yo‘nalishlaridan biriga aylanganini tasdiqlaydi.

Bu islohotlar kelgusida raqobatbardosh iqtisodiyot, zamonaviy jamiyat va innovatsion rivojlanish uchun zarur bo‘lgan kadrlar tayyorlashga, ya’ni inson kapitali sifatini yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Mohigul Qosimova, O‘zA