Sirdaryo viloyatida ta’lim sohasini yanada rivojlantirish, ilg‘or pedagogik tajribalarni keng joriy etish yo‘lida navbatdagi muhim tashabbus amalga oshirildi. Sirdaryo viloyati Pedagogik mahorat markazi, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda Guliston shahridagi Prezident maktabi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
– Mazkur memorandum ta’lim muassasalari o‘rtasida uzviy hamkorlikni mustahkamlash, pedagog kadrlarning kasbiy salohiyatini oshirish va Prezident maktablarida joriy etilgan ilg‘or ta’lim tajribalarini umumta’lim maktablari amaliyotiga tatbiq etishni nazarda tutadi, – deydi Guliston shahridagi Prezident maktabining maxsus fanlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Rustam Azamatov.

Ahamiyatlisi shundaki, hamkorlik doirasida STEAM fanlarini o‘qitishda innovatsion yondashuvlarni keng joriy etish, o‘quv jarayonini amaliy va tadqiqotga asoslangan usullar bilan boyitishga alohida e’tibor qaratiladi. Shuningdek, ta’lim jarayoni ishtirokchilari uchun seminarlar, treninglar, vebinarlar va ochiq darslar tashkil etish orqali tajriba almashish hamda ilg‘or pedagogik amaliyotlarni joriy etish rejalashtirilgan.
– Ushbu hamkorlik ta’lim tizimida sifat o‘zgarishlarini ta’minlash, ilg‘or tajribalarni tizimli joriy etish va yosh avlodning bilim hamda intellektual salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi, – deydi Rustam Azamatov.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri