Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidagi 1-sonli tayanch maktabda viloyatda ta’lim sifatini ta’minlash va xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi mutasaddilari, Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi, Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti vakillari, Sirdaryo viloyati xalq ta’limi boshqarmasi, Sardoba tuman hokimligi, viloyati xalq ta’limi boshqarmasi, viloyat o‘qituvchilar malakasini oshirish markazi mutasaddi rahbarlari hamda amaliyotchi pedagoglar ishtirok etdi.

Viloyatda ta’lim sifati va samaradorligi ta’minlash, bunda mahalliy hokimliklarning o‘rni, milliy o‘quv dasturini amaliyotga joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va shu kabi qator masalalar atroflicha muhokama qilindi.Ma’lumki, O‘zbekiston ilk marotaba ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.15 yoshli o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha savodxonligini baholashga yo‘naltirilgan PISA dasturining tajriba-sinovlari joriy yilning aprel-may oylarida o‘tkazildi. Asosiy tadqiqotlari esa 2022 yil aprel-may oylarida tashkil etiladi.
Mazkur tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha o‘tgan yilda Respublika bo‘yicha 348 ta tayanch maktab belgilanib bo‘lib, ushbu maktablardan 15 tasi Sirdaryo viloyatida joylashgan. Mazkur maktablarga yaqin hududlarda joylashgan boshqa maktablar ularga biriktirildi va trener-o‘qituvchilar guruhlari shakllantirildi.Ushbu tayanch maktablari viloyatdagi boshqa maktablar uchun xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik yo‘nalishida muvofiqlashtiruvchi va metodik bazaga ega bo‘lgan muassasa hisoblanadi.

– Davlatimiz rahbari tomonidan o‘quvchilarni faqat yodlashga emas, balki fikrlashga chorlaydigan metodika ishlab chiqish, bu borada Finlyandiya tajribasini o‘rganish bo‘yicha vazifa berilgan.Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida ilk marotaba ta’lim sifatini baholash bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Ushbu jarayonlarni yanada samarali tashkil etish uchun bugungi kunda Finlyandiya ta’lim tizimidan 2 ta ekspert (maslahatchi) jalb etildi. Shuningdek, matematika, fizika, kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha Finlyandiya ta’lim tizimi vakillari bilan hamkorlikda video konferensiya aloqa vositalari orqali maxsus treninglar tashkil etilmoqda.Bularning barchasi mamlakatimizda ta’lim sifati va samaradorligini yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim qadam bo‘lib xizmat qilishi kerak. Sirdaryo viloyati bu borada yetakchi hududlardan biriga aylanish uchun barcha imkoniyatlar yetarli, – dedi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi rahbari Ulug‘bek Tashkenbayev.

Seminarning ikkinchi qismida esa ishtirokchilar matematika, biologiya, kimyo, o‘qish fanlari hamda ta’lim jarayonlarini takomillashtirish kabi shu’balarga bo‘lingan holda ularga Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazi tajribali ekspertlari, Guliston davlat universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik bo‘yicha mahorat darslari o‘tildi.
Fayzullo Yahyoyev, O‘zA