Mamlakatimizda xalq hokimiyatchiligini to‘laqonli ro‘yobga chiqarish borasida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Xalq deputatlari mahalliy kengashlarining vakolat va funksiyalariga viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining tegishli hudud ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotlarini xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlarida har chorakda eshitib borish amaliyoti kiritildi.
Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan “Ta’lim sohasini rivojlantirish, uning sifatini oshirish ustidan samarali deputatlik nazoratini amalga oshirishda vakillik organlarining roli” mavzusida o‘tkazilgan seminarda shu haqda fikr almashildi.
Mazkur hisobotlarni eshitishda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning eng muhim masalalaridan biri – ta’lim sifatini oshirish ustidan deputatlik nazoratini amalga oshirishda mahalliy kengash deputatlarining qaysi jihatlarga e’tibor qaratishi yuzasidan aniq taklif va tavsiyalar berildi.
Mahalliy kengashlarning fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalari tomonidan hududdagi ta’lim muassasalaridagi mavjud muammolar va kamchiliklarni hal etishga, shu jumladan, ta’lim sifatini oshirishga, ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga, pedagog xodimlarining malakasini oshirishga hamda ularning ijtimoiy himoya qilinishini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.
Qo‘mita a’zolari va ekspertlar, hududiy vakillik organlari faoliyatini o‘rganish markazi xodimlari, mahalliy kengashlarning fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalari a’zolari, kotibiyat mudirlari, hududiy maktabgacha va maktab ta’limi boshqaruv bo‘linmalari rahbarlari hamda OAV vakillari ishtirok etgan seminarda mahalliy kengash deputatlariga fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasiga taalluqli qonunlarni muhokama qilish va tegishli takliflar tayyorlash yuzasidan taklif va tavsiyalar berildi.
N.Abduraimova, O‘zA