Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir
17:05 / 2023-03-23

Navoiy shahridagi Prezident maktabida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan matematika va ingliz tili o‘qituvchilari uchun “O‘quvchilarda tanqidiy fikrlashni loyiha ishlari orqali shakllantirish” mavzusida seminar-trening tashkil etildi.

Yurtimizda maktab ta’limini xalqaro ta’lim dasturlari asosida butunlay isloh qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu haqida Prezidentimizning 2022 yil 20 dekabrda Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida ham alohida ta’kidlangan edi.  

Ta’lim sifatini oshirish – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘lidir. Mazkur treninglardan ko‘zlangan maqsad Prezident maktablarining ilg‘or tajribasi bilan bo‘lishish, o‘qituvchilarni zamonaviy metodikalar bilan tanishtirish, ta’lim sohasidagi yangiliklar bilan o‘rtoqlashish va o‘quvchilarda kreativ va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishni o‘rgatishdan iborat.

– 19 yildan buyon o‘quvchilarga matematika va informatika fanidan saboq beraman, – deydi Navoiy shahridagi 15-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Inobat Jumayeva. – bugungi kun o‘qituvchisidan o‘quvchini tayyor bilim qabul qiluvchi emas, balki sinfda o‘quv jarayonining faol ishtirokchisiga aylantirish talab etilmoqda. Buning uchun o‘qituvchi o‘quvchilarning qiziqishlarini oshirish maqsadida darslarning mazmun va sifatiga e’tibor bergan holda bolalarni fikrlashga, ularni faollashtirishga harakat qilishi lozim. Bu borada bugun o‘tkazilayotgan seminar-treningda ko‘p narsalarni o‘rganyapmiz. O‘rganganlarimni albatta, dars jarayonlarida qo‘llagan holda o‘quvchilarning bilimini oshirib, fikrlash doirasini kengaytirishga harakat qilaman.

[gallery-11117]

Mazkur treninglar 3 bosqichdan iborat bo‘lib, 1-bosqich onlayn tarzda tashkil etilib, unda 28 nafar pedagog ishtirok etgan edi. 2-bosqichda 2 ming 800 nafar hamda 3-bosqichida 35 ming 422 nafar o‘qituvchilarning zamonaviy pedagogik tajribalarini yanada oshirish rejalashtirilgan. Treninglarning uchinchi bosqichi joriy yil yakuniga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda mahalliy trenerlar tomonidan tuman (shahar) umumta’lim maktablarining pedagoglarini qamrab olgan holda tuman markazidagi umumta’lim maktablarida tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda.  

Ushbu trening “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim” yilida mamlakatimizdagi ta’lim tizimini yanada rivojlantirish, o‘qitishda yangi uslublarni joriy etish va o‘qituvchilarning malakasini oshirish maqsadida tashkil etilayotganligi bilan ham ahamiyatlidir. “O‘quvchilarda tanqidiy fikrlashni loyiha ishlari orqali shakllantirish” mavzusidagi seminar-trening ertaga ham davom etadi.  

A.Bo‘riyev,

S.Aslonov (surat), O‘zA