Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim sifatini oshirish masalasi tanqidiy muhokama qilindi
14:42 / 2021-01-14

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida barcha darajadagi rahbarlar pastga tushib, o‘z sohasi bo‘yicha mahallalardagi muammolarni o‘rganishi va ularga yechim topishi, odamlar sezadigan natijani ta’minlashi shart degan vazifa belgilangan edi.

Ayni shu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Ta’lim inspeksiya tomonidan joriy yilning 14 yanvar kuni Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanidagi 1-sonli tayanch maktabda seminar tashkil etildi.

Unda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev, A.Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti rektori Ayubxon Rajiyev, Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Otabek Nosirov, Oqoltin tuman hokimi, viloyati xalq ta’limi boshqarmasi, viloyat o‘qituvchilar malakasini oshirish markazi mutasaddi rahbarlari, xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik bo‘yicha 15 ta tayanch maktablar direktorlari, Oqoltin tumanidagi barcha maktablar direktorlari va trener-o‘qituvchilar ishtirok etishdi.

Ma’lumki, O‘zbekiston ilk marotaba ta’lim sifatini baholash bo‘yicha PISA, PIRLS, TIMSS kabi xalqaro tadqiqotlarni ishtirok etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Boshlang‘ich 4-sinf o‘quvchilarining o‘qish savodxonligini baholash – PIRLS dasturining tajriba-sinov tadqiqoti joriy yil oktyabr oyida o‘tkazildi. Ushbu dastur bo‘yicha asosiy tadqiqotlar 2021 yil aprel oyida o‘tkazilishi belgilangan.

Xuddi shunday, 15 yoshli o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha savodxonligini baholashga yo‘naltirilgan PISA dasturining tajriba-sinovlari ham 2021 yil aprel-may oylarida hamda asosiy tadqiqotlari 2022 yil aprel-may oylarida tashkil etiladi.

Mazkur tadqiqotlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha o‘tgan yilda respublika bo‘yicha 348 ta tayanch maktablar belgilanib bo‘lib, ushbu maktablardan 15 tasi Sirdaryo viloyatida joylashgan. Mazkur maktablarga yaqin hududlarda joylashgan boshqa maktablar ularga biriktirildi va trener-o‘qituvchilar guruhlari shakllantirildi.

Ushbu tayanch maktablari viloyatdagi boshqa maktablar uchun xalqaro baholash dasturlariga tayyorgarlik yo‘nalishida muvofiqlashtiruvchi va metodik bazaga ega bo‘lgan muassasa hisoblanadi.

Tadbirning birinchi qismida PISA va PIRLS tadqiqotlariga tayyorgarlik bo‘yicha viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar, tayanch maktablarining laboratoriya jihozlari, reaktivlar va zarur kompyuter texniklar bilan ta’minlanganlik holati tanqidiy muhokama qilindi, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq muddatlarni ko‘rsatgan holda rejalar belgilandi.

Seminarda so‘zga chiqqan Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev viloyatda ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha istiqboldagi vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.

– Davlat rahbari tashabbusi bilan Sirdaryo viloyati ta’lim sifatini yaxshilash, oila-mahalla-maktab-OTM modelini joriy etish va o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini oshirish bo‘yicha tajriba maydoni sifatida belgilangan.

Maktab o‘quvchilarini kelgusi hayotga tayyorlashda ularga o‘z bilim va ko‘nikmalaridan amaliyotda foydalanishni, mustaqil va mantiqiy fikrlashni yo‘lga qo‘yish topshirig‘i berilgan. Biz ilk marotaba ishtirok etishga tayyorgarlik ko‘rayotgan tadqiqotlarda ham aynan o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini hayotiy vaziyatlarda qo‘llash, fikrlash va muloqot qilish qobiliyatlari baholanadi. Bu vazifani amalga oshirish uchun uzluksiz ta’lim tizimidagi barcha tashkilotlar hamkorlikda ishlashi, oliy ta’lim muassasalari tomonidan maktablar amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha ishlarni kuchaytirish lozim.

Bundan tashqari, tayanch maktablar hamda ularga biriktirilgan 297 maktablarda ta’lim berish uchun mavjud moddiy-texnika baza zamonaviy talablarga javob berishi kerak. Bejizga Prezidentimiz tomonidan 2021 yildan boshlab barcha maktablar reytingi aniqlanadi. Uning natijalariga qarab, maktab direktorlari va o‘rinbosarlari, o‘qituvchilar, hokimlar va ularning ta’lim bo‘yicha maslahatchilari faoliyatiga baholash topshirig‘i berilmadi. Bu o‘z navbatida mahalliy hokimliklarning maktab oldidagi mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi, – dedi Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i.O‘z navbatida, Sirdaryo viloyati hokimi o‘rinbosari mazkur masalalar alohida e’tiborga olinishi hamda maktablar zamonaviy laboratoriya jihozlari, reaktivlar va multimedia vositalari bilan qisqa muddatda ta’minlanishi bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olingani ta’kidladi.