Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim sifati yuksalmoqda
17:44 / 2025-09-18

FOTOREPORTAJ

Buxoro davlat universitetida ta’lim sifatini oshirish va barqaror rivojlanish tamoyillarini hayotga tatbiq etish strategiyasini yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilgan. Bu jarayonda universitet qoshidagi Ta’lim sifati nazorati bo‘limining faoliyati yaxshi samara bermoqda.

Bo‘lim faoliyati samarasi sifatida universitet so‘nggi yillarda nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro miqyosda ham e’tirof etilmoqda. Xususan, 2022 yil Buxoro davlat universiteti UI GreenMetric xalqaro universitetlar reytingida O‘zbekistondagi oliy ta’lim muassasalari orasida milliy koordinator sifatida tan olindi. Shuningdek, shu yili o‘tkazilgan “Barqaror universitetlar: innovasiyasi, ta’siri va kelajak yo‘nalishlari” mavzuidagi “II xalqaro lider talabalar uchrashuvi”ga mezbonlik qildi.  

Universitetning xalqaro nufuzi nafaqat ilmiy faoliyat va forumlar tashkil etish bilan, balki xalqaro baholash tizimlaridagi ishtiroki bilan ham yuksalmoqda. Jumladan, 2023 yil Dubay shahrida COP28 sammiti doirasida o‘tkazilgan “Advancing Sustainable Futures” konferensiyasida ta’lim muassasasi “The Most Active National Coordinator in the World” nominasiyasi bo‘yicha g‘olib deb topildi. Universitetning xalqaro hamjamiyatdagi akademik nufuzi 2024 yilda IREG – Academic Rankings and Excellence Observatory tashkilotiga a’zo bo‘lgach yanada mustahkamlandi. Bu a’zolik universitetga xalqaro akademik reytinglar, ta’lim sifatini baholash mexanizmlari va institutsional samaradorlikni aniqlash mezonlari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi. Shuningdek, 2024 yil “Barqarorlik mezonlari va yashil universitet konsepsiyasi” mavzuidagi milliy onlayn seminar universitetning ma’rifiy va metodologik yetakchiligini yana bir bor namoyon etdi. 

[gallery-25357]

Universitet 2040 yilga qadar o‘zining karbon chiqindilarini nol darajaga tushirishni maqsad qilgan 539 ta oliy ta’lim muassasasi qatoriga kiritilgani ham e’tirofga sazovor. Muhim strategik yutuqlardan yana biri, universitet turizm va mehmondo‘stlik yo‘nalishi bo‘yicha UNWTO TedQual xalqaro sertifikatini oldi. Bu oliygohda ta’lim sifati, o‘quv dasturlarining xalqaro talablarga mosligi hamda kasbiy malakalarning global mehnat bozoridagi raqobatbardoshligi ta’minlanayotganini tasdiqlaydi.  

Tohir ISTATOV (surat), O‘zA