Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim sifati va imkoniyatlar kengaymoqda
16:43 / 2026-02-05

Guliston tumani maktabgacha va maktab ta’limi sohasida erishilgan natijalar bo‘yicha viloyatda yetakchi o‘rinni egalladi. Xususan, davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichi bo‘yicha tuman viloyatda 1-o‘rinni qayd etdi. Bitiruvchilarning o‘rtacha kirish balli 80,77 foizni tashkil etib, ushbu natija bilan tuman viloyat miqyosida 2-o‘rinni egalladi.

Bu haqda Guliston tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun tashkil etilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi. Anjumanda ta’kidlanganidek, 2024–2025 o‘quv yilida tumanda 869 nafar o‘quvchi maktabni bitirgan bo‘lib, ularning 804 nafari oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirgan. Natijada 304 nafari davlat, 119 nafari nodavlat, 2 nafari esa xorijiy oliy ta’lim muassasalariga talabalikka tavsiya etildi.

Ayni paytda tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufida 33 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 1 ta ixtisoslashtirilgan maktab hamda 1 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabi faoliyat yuritmoqda. Ushbu ta’lim muassasalarida jami 13 ming 400 nafar o‘quvchi tahsil oladi. 33 ta umumta’lim maktabida 1245 nafar, 20 ta maktabgacha ta’lim tashkilotida esa 312 nafar pedagog xodim mehnat qilmoqda.

Matbuot anjumanida ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan islohotlar alohida qayd etildi. Xususan, 2025–2026 o‘quv yilidan boshlab tumandagi barcha maktablar yangi baholash tizimiga o‘tkazildi. Yangi tizim asosida 2-chorak yakunlariga ko‘ra o‘quvchilarning o‘rtacha ko‘rsatkichi 75 ballni tashkil etdi.

Pedagog kadrlar salohiyatini oshirish maqsadida 2025 yil davomida 1138 nafar o‘qituvchi toifa sinovlarida ishtirok etdi. Natijada 464 nafar pedagog ijobiy baholangan bo‘lsa, 128 nafari salbiy natija qayd etdi, 546 nafari esa belgilangan balldan past ko‘rsatkich to‘pladi.

Kasbga yo‘naltirish va inklyuziv ta’lim bo‘yicha ham qator ishlar amalga oshirildi. Joriy yilda 9–11-sinflarda tahsil olayotgan 234 nafar o‘quvchida fanlar bo‘yicha bilimni tasdiqlovchi sertifikatlar mavjud. 9-sinfni tamomlagan 450 nafar o‘quvchi texnikumlarga jalb etildi. Shuningdek, 1-, 7-, 14-, 18- va 23-maktablarda inklyuziv sinflar tashkil etildi.

Moddiy-texnika bazani mustahkamlash doirasida investitsiya dasturi asosida 7 ta maktab va 5 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti ta’mirlandi. 3- va 6-maktablar zamonaviy kompyuter texnikalari bilan jihozlandi. 2025 yilda tumanda maktabgacha ta’lim qamrovi 92,8 foizni tashkil etdi.

Shu bilan birga, o‘quvchilarning ijodiy va intellektual salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan tanlovlarda ham ijobiy natijalar qayd etildi. “Turon” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichida 5-maktabning “Yangi yulduzlar” jamoasi g‘olib bo‘lib, viloyat bosqichida 4-o‘rinni egalladi. “Iqtidor” ansambllari tanlovida esa 28-maktabning “Shukrona” jamoasi viloyat bosqichida 5-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

“Jadidlar izidan” tanlovining viloyat bosqichida 13-maktab o‘quvchilari Abduazizova E’zoza va Anorboyeva Rayhona o‘z yosh toifalarida 1-o‘rinni egallab, respublika bosqichida ishtirok etdi. Respublika bosqichida Anorboyeva Rayhona faxrli o‘rinni qo‘lga kiritib, Germaniyaga ta’lim sayohatida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Matbuot anjumanida ta’lim sifatini yanada oshirish, pedagoglar bilan ishlashni kuchaytirish va yoshlar uchun teng imkoniyatlar yaratish ustuvor vazifa ekani ta’kidlandi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri