Butun dunyoda ta’lim hamda ilm-fanga e’tibor borgan sari oshib bormoqda.
Mamlakatimizda ham so‘nggi yillarda bu borada sezilarli qadamlar tashlandi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tashkil etilishi bilan yurtimizda ta’lim muassasalari sifat samaradorligini o‘rganish hamda ular reytingini tuzish yo‘lga qo‘yildi.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad sifatida yurtimizda faoliyat olib borayotgan oliy ta’lim muassasalarini tanqidiy o‘rganish, ulardagi ta’lim sifatiga shaffof baho berish, boshqa oliy ta’lim muassasalari bilan raqobat muhitini shakllantirish hamda ularni dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalari darajasiga ko‘tarish belgilangan.
Oliy ta’lim muassasasidagi ta’lim jarayonlarining olib borilishiga tashqaridan xolisona baho berish, o‘z navbatida, mazkur muassasa rahbarlari va jamoaning ijobiy harakatlariga turtki bo‘ladi, albatta.
2018 yildan joriy etilib, e’lon qilib kelinayotgan oliy ta’lim muassasalari milliy reytingi indikatorlarini ishlab chiqishda dunyoning nufuzli reyting agentliklari – THE, QS hamda ARWU tajribasiga alohida e’tibor qaratildi.
Milliy reytingda oliy ta’lim tashkilotlari faoliyati quyidagi yo‘nalishlarda baholanishi belgilandi:
- professor-o‘qituvchilarning ilmiy faoliyati – 40 foiz;
- o‘quv-uslubiy ishlar va ta’lim sifati - 30 foiz;
- talabalar bilimi va ish beruvchilarning fikrlari - 27 foiz;
- jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish - 3 foiz.
Pandemik vaziyatga qaramasdan bu yil to‘rtinchi bor oliy ta’lim tashkilotlari milliy reytingini aniqlash ustida tadqiqotlar olib borilmoqda. Xususan, milliy reytingning eng asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan talabalar bilimi va ish beruvchilarning fikrlarini o‘rganish maqsadida 13 ta ishchi guruh shakllantirilib, hududlarga safarbar etildi.
Ushbu yo‘nalish doirasida bitiruvchi bosqich talabalaridan mutaxassislik fanlarini bilish darajasini aniqlashga qaratilgan test sinovlari va oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini o‘rganish yuzasidan so‘rovnoma o‘tkaziladi.
Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan O‘zbekistonning ochiqlik siyosati, dunyo bozoriga faol kirib borishi, barcha sohalarda xalqaro hamkorlik kengayayotgani xorijiy tillarni bilishga ehtiyojning oshib borayotgani alohida e’tirof etib o‘tildi. Shuni inobatga olgan xolda oliy ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan professor-o‘qituvchilarning chet tillarini bilish darajasini aniqlashga qaratilgan nazorat sinovlari ham tashkil etildi. Mazkur jarayonlarga respublikamiz bo‘yicha jami 91 ta oliy ta’lim muassasasidan 10 ming 598 nafar talaba hamda 30 ming 802 nafar professor-o‘qituvchi jalb etilmoqda.
Oliy ta’lim muassasalari reyting baholash tizimining asosiy indikatorlaridan biri - bu professor-o‘qituvchilarning “Xorijiy tillar” va talabalarning “Mutaxassislik fanlaridan” bilim darajasini aniqlashdir.
Hozirgi vaqtda respublikamizning barcha hududlarida, belgilangan oliy ta’lim muassasalarida test jarayonlari bo‘lib o‘tmoqda. Bu yilgi test jarayonlarida professor-o‘qituvchilar “Xorijiy tillar” bo‘yicha, yuqori bosqich talabalari esa “Mutaxassislik fanlari”dan imtixon topshirmoqda. Professor-o‘qituvchilar uchun xorijiy tillar bo‘yicha jami 20 ta test savoli, yuqori bosqich talabalari uchun esa ikkita mutaxassislik fanidan 20 tadan, jami 40 ta test savoli berilmoqda va ushbu jarayonlar onlayn (aniq vaqt rejimida) o‘tkazilyapti.
Test sinovlari barcha hududlarda 2021 yilning 31 may sanasidan 9 iyun sanasigacha bo‘lib o‘tadi.
Oliy ta’lim sohasini yanada rivojlantirish bevosita kadrlar tayyorlash sifatini oshirish hamda ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlashga bog‘liq. Shu bois milliy reyting tizimini yanada takomillashtirish maqsadida ish beruvchilar bilan oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida integratsion aloqalarni baholovchi indikatorlar joriy etilgan.
Shu yilning may-iyun oylarida O‘zbekiston Respublikasida faoliyat olib borayotgan barcha vazirlik va idoralar, korxonalar, davlat hamda nodavlat tashkilotlar, barcha turdagi muassasalar, shuningdek, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar, xususiy firmalar bilan oliy ta’lim muassasalarining bitiruvchilariga baho berish maqsadida ish beruvchilar so‘rovnomasi tashkil etildi.
Ushbu so‘rovnomani ta’lim inspeksiyasining rasmiy sayti https://tdi.uz/ yoki https://bit.ly/3waWAxR havolasi orqali kirib to‘ldirish mumkin bo‘ladi.
Yuqoridagi tadqiqotlar yakuniga yetganidan so‘ng yangi o‘quv yili boshlanishidan oldin oliy ta’lim muassasalarining yangi reytingi e’lon qilinadi.
Umid qilamizki, mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari o‘z natijalarini tobora yaxshilab, sog‘lom raqobat orqali milliy reytingda yuqori o‘rinlarni egallaydi hamda yaqin kelajakda dunyoning TOP universitetlari qatoriga kiradi.
Anvarjon MAHMUDOV
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Ta’lim sifatini nazorat qilish
davlat inspeksiyasi bosh boshqarma boshlig‘i