Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan hududlarda davlat-xususiy sheriklik asosida bog‘chalar qurishga ruxsat beriladi
16:56 / 2026-02-12

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Axborot xizmat rahbari Dilfuza Sobirova ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi.

Unda davlatimiz rahbarining 2026-yil 5-fevraldagi “Maktabgacha ta’lim va tarbiya tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan muhim vazifalar yuzasidan ma’lumot berildi.  

Mutaxassisga ko‘ra, 2026–2027 o‘quv yilidan boshlab pedagogika oliy ta’lim tashkilotlarida maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavrlar tayyorlash xalqaro ilg‘or tajriba asosida tashkil etiladi. Shuningdek, o‘rta maxsus ma’lumotli pedagog kadrlar uchun dual ta’lim shaklida to‘lov-shartnoma asosida bakalavr tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.  

2026-yil 1-apreldan boshlab (Toshkent shahri bundan mustasno) maktabgacha ta’lim qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan tuman (shahar)larda tadbirkorlik sub’ektlari uchun qator imtiyozlar joriy etiladi.  

Jumladan, davlat-xususiy sheriklik asosida maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etishga ruxsat beriladi. Bunda ijara to‘lovi 30 yilgacha undirilmaydi, har bir bola uchun davlat bog‘chasidagi xarajatning 50 foizi miqdorida elektron davomat asosida subsidiya ajratiladi.  

Mazkur imtiyozlar 2024-yildan boshlab tashkil etilgan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga ham tatbiq etiladi. Qamrovi 80 foizdan past bo‘lgan hududlar ro‘yxati vazirlik tomonidan har moliyaviy yilda tasdiqlanadi.  

Shuningdek, 2026-2027 o‘quv yilidan boshlab maktabga tayyorlov guruhlariga bolalar amaldagi tartib asosida, ya’ni umumiy o‘rta ta’lim tashkilotining birinchi sinfiga bolalar ular yetti yoshga to‘ladigan yili qabul qilinadi.  

2027-2028 o‘quv yilidan esa bir yillik maktabga tayyorlovdan o‘tgan bolalarga davlat namunasidagi elektron sertifikat beriladi va ushbu ma’lumotlar umumiy o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi shahodatnomada qayd etiladi. Bir yillik maktabga tayyorlov guruhlarining ta’lim dasturi majburiy umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida kiritiladi.  

Barcha 6 yoshli bolalarni qamrab olish uchun bir yillik maktabga tayyorlov guruhlari maktabgacha ta’lim tashkilotlari, maktablar va ijtimoiy soha ob’ektlarida yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, nodavlat ta’lim tashkilotlariga ham bu guruhlarni tashkil etishga ruxsat beriladi.  

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA