Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim olishning konstitutsiyaviy kafolatlari
09:05 / 2025-12-02

Ta’lim inson kapitalini shakllantiradigan, shaxsning ijtimoiylashuvi va kasbiy kamolotini ta’minlaydigan strategik sohadir. Shu bois ta’lim olish huquqini konstitutsiyaviy darajada belgilash, ta’lim tizimining uzluksizligini kafolatlash hamda barcha bolalar, jumladan alohida ta’lim ehtiyojlariga ega bolalar uchun teng imkoniyat yaratish davlat siyosatining muhim yo‘nalishi hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining  50-moddasida “Har kim ta’lim olish huquqiga ega” degan norma mustahkamlangan. Bu qoida ta’limni nafaqat ijtimoiy ne’mat, balki fuqarolarning asosiy huquqi sifatida e’tirof etadi. Shuningdek, davlat uzluksiz ta’lim tizimini rivojlantirish, bepul ta’limni kafolatlash, ayrim bosqichlarda majburiylikni belgilash hamda inklyuziv ta’limni ta’minlash kabi majburiyatlarni zimmasiga oladi. 

Konstitutsiyaga ko‘ra, davlat uzluksiz ta’lim tizimi, uning turli turlari va shakllari, shuningdek davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari rivojlanishini ta’minlaydi. Bu yondashuv ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish bilan birga sifat kafolatlarini ham talab qiladi. “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun ta’lim tizimining umumiy qoidalari, ta’lim shakllari va ta’lim faoliyatini tashkil etishning huquqiy jihatlarini belgilashi bilan uzluksizlikning normativ tayanchini mustahkamlaydi. 

Konstitutsiya darajasida maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratish vazifasining belgilanishi erta yoshdagi rivojlanishning muhimligini tan olishdir. Maktabgacha bosqichda sifatli muhit (tarbiya dasturlari, pedagoglar malakasi, xavfsizlik va sog‘lom muhit) keyingi bosqichlarda o‘qish motivatsiyasi va akademik natijalarga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Konstitutsiyada davlat bepul umumiy o‘rta ta’lim va boshlang‘ich professional ta’limni kafolatlaydi, umumiy o‘rta ta’lim esa majburiy ekani qayd etilgan. Mazkur norma ijtimoiy adolatni ta’minlaydi: oilaning daromad darajasi yoki yashash hududidan qat’i nazar, har bir bola ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak. Majburiylik esa bolalarning ta’limdan chetda qolish xavfini kamaytiradi.

Konstitutsiyaga muvofiq, maktabgacha ta’lim va tarbiya hamda umumiy o‘rta ta’lim davlat nazoratida bo‘ladi. Davlat nazorati sifat, xavfsizlik, o‘quv reja va standartlarga rioya etilishi, bolalar huquqlarini himoya qilishga xizmat qiladi. Nazoratning zamonaviy yondashuvi faqat tekshiruv bilan cheklanmay, ichki baholash, tashqi monitoring, pedagoglar malakasini oshirish va natijadorlik indikatorlarini qo‘llash orqali amalga oshiriladi.

Pedagoglar uchun inklyuziv ta’lim bo‘yicha majburiy modul va amaliy malaka oshirishni kengaytirish, natijadorlikni baholashda ochiq indikatorlar va muntazam monitoringni yo‘lga qo‘yish.

Ta’lim olish huquqi jamiyat taraqqiyotining poydevoridir. Konstitutsiyaviy kafolatlar uzluksiz ta’limni rivojlantirish, maktabgacha ta’limni qo‘llab-quvvatlash, bepul majburiy umumiy o‘rta hamda boshlang‘ich professional ta’limni ta’minlash va inklyuziv ta’limni kengaytirish orqali amalda ro‘yobga chiqadi. 

M.L.Saipova,

“Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik 

 ta’minlash” kafedrasi dotsenti, psixologiya 

 fanlari  doktori (DSc), dotsent,