Yana bir necha kunlardan so‘ng mamlakatimizdagi mavjud ta’lim muassasalari o‘z bag‘riga katta orzu-niyatlar bilan hayot ostonasiga qadam qo‘yayotgan o‘quvchilarni, talabalarni, ularning ustozlarini chorlaydi. Yangi o‘quv yili boshlanadi.
Bu, o‘z navbatida yoshlarimizning to‘laqonli ta’lim olishlari uchun ushbu maskanlarda barcha shart-sharoitlarning muhayyo bo‘lishini, xavfsizlik choralarining ko‘ngildagidek ta’minlanishini taqozo etadi.
Xo‘sh, joylarda ushbu sa’yi-harakatlar qanday olib borilmoqda? Ularning xavfsizlik choralari, texnik nazorati tegishli me’yorlarga javob beradimi?
Ma’lumki, yurtimizdagi mavjud oliy va o‘rta maxsus ta’lim, o‘rta ta’lim, maktabgacha ta’lim muassasalarining aksariyatining xavfsizligi O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasi «Qo‘riqlash» bo‘linmalari tomonidan olib boriladi.
– bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiyasi «Qo‘riqlash» boshqarmasi tomonidan 10297 ta ta’lim muassasalari qo‘riqlanib kelinmoqda. Shundan 5398 ta umumta’lim maktablari, 656 ta oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari, 3959 ta maktabgacha ta’lim muassasalari hamda 284 ta talabalar yotoqxonalarining xavfsizlik holati aynan Milliy gvardiya tizimlarida xizmat qilayotgan xodimlar tomonidan texnik qo‘riqlovga olingan. Respublikamiz bo‘ylab yangi o‘quv yili boshlanish arafasida mazkur o‘quv maskanlarning xavfsizligi o‘rganildi hamda texnik qo‘riqlash vositalarining sozligi tekshiruvdan o‘tkazildi. Ta’lim muassasalari, joylardagi mas’ullar bilan hamkorlikdagi harakatlar natijasida yangi o‘quv yilining ko‘ngildagidek boshlanishi uchun barcha qulayliklar yaratildi, – deydi Milliy Gvardiya axborot xizmati boshlig‘i Davronbek Jumanazarov.
Darhaqiqat, ta’limning sifatli bo‘lishi eng avvalo xavfsizlik va qo‘riqlash vositalarining zamon talablari darajasida ta’minlanishiga bevosita bog‘liq. Bu jabhada o‘tkazilgan amaliy ishlar esa yangi o‘quv yilining har jihatdan sermahsul bo‘lishiga xizmat qiladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA