Yurtimizda voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish e’tiborga molik masalalardan biri hisoblanadi.
Shu maqsadda, Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti tomonidan “Uzluksiz tarbiyaviy jarayon sub’ektlarida huquqbuzarlikka qarshi immunitetni shakllantirish strategiyalari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda mazkur ilmiy-amaliy anjumanning bugungi kundagi ahamiyati, maqsad va vazifalari, mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi va sa’y-harakati bilan sud-huquq, inson huquq va manfaatlarini himoya qilish, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan izchil va chuqur islohotlar, fuqarolar huquqiy madaniyatini oshirish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida ta’lim va tarbiya muassasalari, oila va mahalla hamkorligining ahamiyati, bu borada amaldagi qonunchilikda ko‘zda tutilgan qoida va me’yorlar hamda mavjud kamchilik va muammolar xususida so‘z yuritdi.
Anjuman davomida ta’lim muassasalarida huquqbuzarliklarning oldini olishda o‘quvchilar huquqiy madaniyatini rivojlantirishning ahamiyati, o‘quvchilar huquqiy madaniyatini rivojlantirishga ta’sir etuvchi psixologik omillar, uzluksiz ta’lim tizimida huquqbuzarlikka qarshi immunitetni oshirishda oilaning roli hamda o‘quvchilarning huquqiy madaniyatini rivojlantirish texnologiyalari muhokama etildi.
Bu kabi anjumanlardan ko‘zlangan maqsad maktab ma’muriyati va o‘quvchilarning huquqiy savodxonligini oshirish va tartibbuzarliklarning oldini olishda muhim vosita sifatida xizmat qiladi.

Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA