Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim muassasalarida 4 ming 600 nafardan ziyod talaba volontyorlik loyihalarini amalga oshirmoqda
13:13 / 2023-07-20

Poytaxtimizda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan “O‘zbekistonda volontyorlik faoliyatiga oid amalga oshirilayotgan ishlar va yangi rejalar” mavzuida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Qayd etilganidek, bugungi kunda mamlakatimizda volontyorlik faoliyatining huquqiy asoslari yaratilishi munosabati bilan ushbu faoliyatni rivojlantirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, hozirga qadar jami 61 ming nafar yoshlarni qamrab olgan 99 ta doimiy faoliyat yuritadigan volontyorlik guruhlari tashkil etildi.  

Hududlardagi Yoshlar markazlarida “Volontyorlar maktabi” tashkil etilib, 10,2 ming nafar yosh volontyorlar o‘qitildi. Ushbu volontyorlar tomonidan 50 mingdan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan va kam ta’minlangan hamda yolg‘iz qariyalari mavjud oilalarga ijtimoiy loyihalar orqali ko‘maklashildi.  

Agentlikning “Volontyorlar maktabi” mentorlari, eko volontyorlar hamda jurnalist va blogerlar ishtirokida 2023 yil 23-27 may kunlari Jizzax viloyatidagi “Zomin” oromgohida “Eko volontyorlar oromgohi” loyihasi tashkil etildi va respublikamiz bo‘ylab eko volontyorlar guruhlarining faoliyati yo‘lga qo‘yildi.  

O‘tgan yil qabul qilingan Harakatlar dasturiga muvofiq joriy yilning oktabr-noyabr oylari davomida respublikamizning 168 ta oliy ta’lim muassasalarida “Volontyorlik markazlari” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Hozirgi kunga qadar mazkur ta’lim muassasalarida 4 ming 600 nafardan ziyod talaba volontyorlik loyihalarini amalga oshirmoqda.  

Mamlakatimizdagi 43 ta davlat boshqaruv organlarining vakillari uchun volontyorlik yo‘nalishida o‘quv-seminarlar tashkil etilib, bugungi kunda ushbu davlat organlarida volontyorlik guruhlari o‘z faoliyatini boshladi.  

Joriy yilning fevral oyida O‘zbekistonda volontyorlarni doimiy ro‘yxatga olish va ularga uslubiy ko‘mak burish bo‘yicha Yoshlar portali negizida volontyor.uz platformasi ishga tushirildi. Bugungi kunda 2 855 nafar faol volontyorlar hamda 27 ta volontyorlik guruh va tashkilotlari ro‘yxatdan o‘tgan. Shuningdek, o‘zbek tilida volontyorlik bo‘yicha 5 ta video darslar ishlab chiqilib, ushbu platformaga joylashtirildi.    

Anjumanda yangi loyihalar xususida ham ma’lumotlar berildi. Xususan, joriy yil avgust oyidan boshlab, Yoshlar ishlari agentligining budjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha har bir hududdagi 5 ta eng yaxshi volontyorlik loyihalarini amalga oshirish uchun volontyorlik guruhlari va volontyorlik tashkilotlariga har bir loyiha uchun bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarigacha miqdorda mablag‘ ajratilishi belgilangan.  

 

Gulnoza Boboyeva,  

O‘zA