Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim muassasalari o‘rtasida “Zakovat” musobaqalari aprel-may oylarida o‘tkaziladi
17:35 / 2025-04-03

Ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasida “Zakovat” musobaqalarini o‘tkazish yuzasidan Respublika tashkiliy qo‘mitasi 2025 yildan boshlab umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ta’lim muassasalari o‘quvchilari hamda o‘rta-maxsus va professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari o‘rtasidagi “Zakovat” musobaqalarini bahor faslida o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Joriy yilning aprel-may oylarida har uchala musobaqa ham tashkil etiladi. Mazkur musobaqalarning respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan jamoalarga egallagan o‘rniga mos ravishda 100, 60 va 40 million so‘m pul mukofotlari topshiriladi.

Shu bilan birga 2024/2025 o‘quv yilining kuzgi mavsumida ham mazkur musobaqalar o‘tkazilgani va ularda g‘olib bo‘lgan jamoalarga oliy o‘quv yurtlariga imtihonsiz o‘qishga kirish bo‘yicha imtiyoz hamda stipendiya berilgani inobatga olinib, bu safar musobaqada 1-, 2- va 3-o‘rinni egallagan jamoalarga mazkur imtiyoz va stipendiya berilmasligi nazarda tutilgan.

G‘olib jamoalar a’zolariga imtiyoz va stipendiyalar berish 2025/2026 o‘quv yilining bahorgi mavsumida o‘tkaziladigan musobaqalardan davom ettiriladi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA