Mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida dolzarb 40 kunlik e’lon qilinib, 20 oktyabrdan 1 dekabrgacha 75 million tup mevali va manzarali ko‘chatlar ekish vazifasi qo‘yildi.
Shu asosda Farg‘ona viloyatidagi barcha professional ta’lim muassasalarining bo‘sh turgan yer maydonlari, ariq bo‘ylari, xonadon atroflari va yo‘l chetlarining bir qarich yerini ham e’tiborsiz qoldirmasdan samarali foydalanish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilab olindi.
Dolzarb 40 kunlikning har bir kunini g‘animat bilgan holda yashil maydonlarni kengaytirish ishlariga kirishildi. Quva tumani kasb-hunar maktabida boshqarma boshlig‘i To‘ychiboy Boymatov rahbarligida ko‘chat ekish ishlari boshlab berildi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida viloyatdagi professional ta’lim muassasalariga 300 mingdan ortiq turli navli archalar, pavloniya, kashtan kabi manzarali va mevali daraxt nihollari, qalamchalar ekish maqsad qilib olindi. Asosiysi, ekiladigan ko‘chatlarni saralab, yer maydonlarini yetarlicha yumshatish va sifatli o‘tqazishga e’tibor qaratilishi ta’kidlandi.
E’tiborli jihati, so‘nggi yillarda aksariyat ta’lim maskanlarida ko‘chat yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Bu esa yoshlar o‘rtasida ekologik madaniyatni targ‘ib qilish bilan birga, ko‘chatlarni parvarishlash borasida dastlabki ko‘nikmalarni berishi bilan katta o‘rin tutmoqda.
M.Sulaymonov, O‘zA