Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim maskanlarida autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etishdagi kamchiliklar uchun qat’iy chora ko‘riladi
14:24 / 2025-07-29

Bolalarning sog‘lom o‘sishi va rivojlanishi uchun to‘g‘ri va muvozanatli ovqatlanish juda muhim. Oziq-ovqat nafaqat bolaning energiya manbai, balki uning aqliy, jismoniy va ruhiy taraqqiyotida ham katta rol o‘ynaydi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan 42-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda Chimboy tumani 22-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida mahsulotlar bolalarga o‘z vaqtida berilmasdan berkitib qo‘yilgani bo‘yicha ma’lumotlar tarqaldi va e’tirozlarga sabab bo‘ldi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, vazirlikning audit xizmati tomonidan hududlarda tegishli tartibda o‘rganish ishlari olib boriladi.

Qayd etilishicha, aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha barcha zaruriy hujjatlar rasmiylashtiriladi, mas’ullarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda qat’iy choralar ko‘riladi. Yuqorida nomi ko‘rsatilgan ta’lim maskanlarida ham mutaxassislar tomonidan tekshiruv ishlari olib borilgan va to‘plangan hujjatlar mas’ul tashkilotlarga taqdim etilgan.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash kerakki, joriy yil boshida Vazirlar Mahkamasining “Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. 

Qarorga asosan, tarbiyalanuvchilarning ratsional ovqatlanishini ta’minlash, oziq-ovqat mahsulotlari va taomlarning xavfsizligini kafolatlash, taomlarni tayyorlash, saqlash, tashishda sanitariya qoidalariga qat’iy rioya qilish maqsadida davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini bosqichma-bosqich autsorsing usulida ovqatlantirish tizimiga o‘tkazish rejalashtirilgan. 

Buning uchun vazirlik huzurida davlat muassasasi shaklida Ta’lim sohasida ovqatlantirishni tashkil etish va nazorat qilish markazi tashkil etilgan. Markaz davlat maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etishni muvofiqlashtiradi, jarayonlarni bosqichma-bosqich raqamlashtiradi, davlat xaridlarini amalga oshiradi, sohaga oid ilmiy tadqiqotlar o‘tkazadi va autsorser majburiyatlarini bajarishini monitoring qiladi.

Autsorsing usulida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etish uchun davlat xaridlarini amalga oshirish bilan bog‘liq tartiblar “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun va boshqa tegishli hujjatlar talablari asosida tashkil etiladi.

Jarayonda jamoatchilik nazorati ham juda muhim. Bu borada qo‘shimcha ma’lumotlar uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Ishonch telefoni (71-202-09-09) yo‘lga qo‘yilgan.

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA