“Biznesni rivojlantirish banki” ATB mamlakatimizda ta’limni qo‘llab-quvvatlash va yoshlarning bilim olishiga ko‘maklashish borasida yetakchi moliya-muassasalaridan biri hisoblanadi. Jumladan, talabalarga ta’lim krediti ajratish orqali yoshlar kelajagiga muhim sarmoya kiritmoqda.
Xususan, bank tomonidan joriy yilning joriy yil 1 sentyabrga qadar 22 988 nafar talabaning tahsil olishi uchun jami 220,3 mlrd so‘m ta’lim krediti ajratildi. Yil yakuniga qadar yana kamida 60 mlrd so‘m kredit ajratish rejalashtirilgan.

Joriy yilning 4 sentyabr kuni bank tomonidan Toshkent xalqaro moliyaviy boshqaruv va texnologiyalar universitetida (TIFT) o‘tkazilgan ochiq eshiklar kuni ham ayni mavzuga bag‘ishlandi.
Tadbirda mutaxassislar “Biznesni rivojlantirish banki” tomonidan oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalar uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘arma mablag‘lari hisobidan ajratilayotgan ta’lim krediti haqida batafsil ma’lumotlar berdi.

Mazkur kredit oliy ta’lim tashkilotlarining birinchi bosqich talabalari, professional ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalar a’zolari uchun kredit to‘liq to‘lov-kontrakt summasi miqdorida ajratiladi.
Ikkinchi va undan yuqori bosqich talabalari uchun esa talabaning fanlarni o‘zlashtirish o‘rtacha ko‘rsatkichi – GPA (grade point average) hisobga olingan holda to‘lov-kontrakt summasining kamida 80% to‘lab beriladi.

Kredit foiz stavkasi Markaziy bankning asosiy foiz stavkasi miqdorida ajratiladi. Bunda Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaytirilgan taqdirda, ta’lim krediti bo‘yicha foiz stavkasi mutanosib ravishda pasaytiriladi, oshirilgan taqdirda esa foizlar o‘zgarmaydi.
Ta’lim kreditining ijtimoiy ahamiyatini oshiradigan yana bir jihat shundaki, xotin-qizlarga ajratilgan ta’lim krediti uchun hisoblangan foizlar Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

Bankda bakalavr hamda magistraturaning kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shaklida hamda tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalar, shuningdek o‘quv kurslarida tahsil olayotgan o‘quvchilar uchun “Ta’lim orzusi” mikroqarz mahsuloti joriy qilingan. Ushbu mikroqarz bo‘yicha 100 mln so‘mgacha mablag‘ ajratiladi.
“Biznesni rivojlantirish banki” ATB yoshlarimizning har tomonlama bilimli va raqobatbardosh kadrlar bo‘lib voyaga yetishi uchun kelgusida ham shunday loyihalarni izchil davom ettiradi.

Bank axborot xizmati