Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Ta’lim – korrupsiyadan xoli soha” shiori ostida uchrashuv o‘tkazildi
21:07 / 2025-11-15

Sirdaryo viloyatining Shirin shahar hokimligida ta’lim tizimida shaffoflikni ta’minlash va korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. “Ta’lim – korrupsiyadan xoli soha” shiori ostida tashkil etilgan tadbirda sohaga doir islohotlar, mavjud muammolar va ularning yechimlari atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuvda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining Korrupsiyaga qarshi kurash huquqiy-nazorat boshqarmasi boshlig‘i Shahobiddin Jo‘raboyev, shahar hokimiyati mutasaddilari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va Davlat boshqaruv samaradorligi agentligi viloyat filiali vakillari ishtirok etishdi. Mutasaddilar ta’lim sohasida elektron xizmatlar joriy etilganiga qaramay, ayrim yo‘nalishlarda korrupsiya xavfi hali ham mavjudligi, bu esa tizimli nazorat va profilaktika ishlarini talab etishini ta’kidlashdi.

Tadbirda bolani bog‘chaga joylashtirish, 1-sinfga qabul qilish, pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish, litsenziyalash, hujjatlarga apostil qo‘yish kabi qator xizmatlarning elektron shaklga o‘tkazilgani ma’lum qilindi. Raqamlashtirish korrupsion omillarni kamaytirgan bo‘lsa-da, ushbu jarayonning samaradorligini yanada oshirishga oid takliflar o‘rtaga tashlandi.

Shahobiddin Jo‘raboyev ta’lim muassasalaridagi har bir jarayonda ochiqlik va mas’uliyat asosiy tamoyil bo‘lishi zarurligini ta’kidladi:

–  Korrupsiyaga qarshi kurash avvalo rahbarning ichki pozitsiyasi va mas’uliyatidan boshlanadi. Maktabdagi har bir jarayon – o‘quvchini qabul qilishdan tortib, o‘qituvchining malakasini oshirishgacha shaffof bo‘lishi kerak. Qonun talabi va jamoatchilik ishonchi biz uchun eng muhim mezondir,

Uchrashuvda so‘nggi yillarda aniqlangan korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar tahlil qilindi. Mansabdor shaxslarning javobgarligi kuchaytirilgani, byudjet mablag‘laridan maqsadli foydalanish, davlat xaridlarini shaffof o‘tkazish va kadrlar siyosatida qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘ymaslik har bir rahbarning bevosita burchi ekani yana bir bor eslatib o‘tildi.

Shuningdek, korrupsiyaga nisbatan “nol tolerantlik” siyosati qat’iy amalga oshirilayotgani, qonunbuzarlarga nisbatan jazo choralari keskinlashtirilgani ma’lum qilindi.

Tadbir yakunida ishtirokchilarga korrupsiyaning jamiyat taraqqiyotiga yetkazadigan zarari haqida videorolik namoyish etildi.  

Muloqot davomida ta’lim tizimida shaffoflikni ta’minlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va yoshlarda korrupsiyaga qarshi immunitetni shakllantirishga doir takliflar ilgari surildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri