“Uzbekistan GTL” zavodida “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi boshchiligida Muvofiqlashtiruvchi kengashning navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Bu neftegaz sanoatini yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasida o‘zaro integratsiyani yo‘lga qo‘yish, kadrlarni o‘qitishning usul va shakllarini takomillashtirish orqali ta’lim sifatini hamda mehnat resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Neft va gaz sohasida ta’lim-ishlab chiqarish klasterini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etildi.
Unda dastlab qaror bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi.
Yig‘ilishda “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” direktorining 2022 yil yakuniga qadar Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan tasdiqlangan “UNG training” o‘quv markazi G‘uzor tumanidagi binosining rekonstruksiyasi, talabalar va o‘qituvchilar uchun yotoqxona, sog‘lomlashtirish maskanlari va boshqa zarur binolarni barpo etishni jadallashtirish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha hisoboti tinglandi. Markazda zamonaviy o‘quv va ilmiy laboratoriyalar, geologiya-geofizika, burg‘ilash, konlarni ishlatish va qazib olish, neft va gazni qayta ishlash va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha maxsus xonalar bilan ta’minlanishi xususidagi rejalari muhokama qilindi.
[gallery-8655]
Kengash a’zolari o‘quv markazida 2023 yildan boshlab har yili ishlab chiqarish korxonalarining kamida 1000 nafar xodimi malakasini oshirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. Ta’lim klasteri tomonidan maktab o‘quvchilarini ishlab chiqarish korxonalariga ekskursiyalari hamda soha faxriylari bilan uchrashuvlar tashkil etilishi belgilangan. Boshqaruv raisi tomonidan klaster tarkibidagi ta’lim tashkilotlari uchun xorijiy adabiyotlar, ilmiy ishlanmalar xarid qilish hamda ularning axborot-resurs markazi fondlarini muntazam ravishda yangilab borish ishlab chiqarish korxonalarida malaka oshirilishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib berish bo‘yicha zaruriy ko‘rsatmalar berildi.
- Ilmiy tadqiqot ishlarini muntazam olib bormaslik va amaliyotga tadbiq etmaslik har qanday sohani rivojlanishdan to‘xtatib qo‘yadi, neft-gaz sohasi ham bundan mustasno emas, - deydi “O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruv raisining ilm-fan va innovatsiya bo‘yicha maslahatchisi Elyorbek Saidaxmedov. – Shu nuqtai nazardan davlat rahbarining qarori va unga asosan ta’lim klasterlarining tashkil etilishi neft-gaz sohasini yanada rivojlantirish uchun muhim qadam sanaladi. Yig‘ilishda ham ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasida o‘zaro integratsiyani yo‘lga qo‘yish, kadrlarni o‘qitishning usul va shakllarini takomillashtirish borasida muhim masalalar kelishib olindi. Masalan, “UNG training” markazi tarkibini yuqori malakali kadrlar bilan to‘ldirish, jumladan 2022 yil 1 oktyabrga qadar Markazning o‘quv jarayoniga kamida 5 nafar malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, o‘quv markazi binosida Ta’lim klasteri tarkibiga kiradigan oliy va professional ta’lim tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari uchun alohida xonalar tashkil etish bo‘yicha choralar belgilandi.
Sohaga bunday yondashuv, albatta soha rahbarlari va mutaxassislari bilim va tafakkurining ilmiy, texnik darajasini har tomonlama rivojlantirib, yaratilgan sharoitlar neft-gaz sanoati korxonalarining ilmiy va texnik salohiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA