French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim jarayonlari xalqaro talablarga moslashtiriladi
15:32 / 2021-12-28

Geologiya fanlari universitetida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov rahbarligida “Oliy ta’lim tizimidagi islohotlar: 2021 yil natijalari va istiqboldagi rejalar” mavzuidagi kengaytirilgan Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, joriy yilning 11 dekabr kuni davlatimiz rahbari Geologiya fanlari universitetiga tashrif buyurib, universitetning Kampusi ochilishida ishtirok etib, mamlakatimiz oliy ta’lim rektorlarini ham universitet Kampusi bilan tanishtirish lozimligi borasida topshiriq bergan edi.   

Shunga ko‘ra, yig‘ilish avvalida rektorlar universitet faoliyati va zamonaviy arxitektura qurilish talablariga mos, energiyatejamkor, tizimli axborot kommunikatsiya texnologiyalari joriy etilgan Kampus bilan tanishishdi.

Qayd etilganidek, mazkur Kampus uchta binodan iborat bo‘lib, unda 24 o‘rinli –  28 ta, 64 o‘rinli – 7 ta, jami 1120 o‘rinli auditoriyaga ega o‘quv bino hamda 310 o‘rinli oshxona joylashgan. Yetti qavatdan iborat umumiy 600 o‘rinli barcha qulayliklarga ega talabalar turar-joyi, 3 qavatdan iborat 208 o‘rinli zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlangan Axborot-resurs markazi foydalanishga topshirildi. Hozirda universitetda 7 ta ta’lim yo‘nalishi (bakalavriat) va 6 ta mutaxassislik (magistratura) bo‘yicha umumiy 700 dan ortiq talaba tahsil olmoqda.

Shundan so‘ng tadbir dasturiga muvofiq, vazir A.Toshqulov yig‘ilishni ochib berib, oliy ta’lim tizimida 2021 yilda amalga oshirilgan ishlar haqida to‘xtaldi.

[gallery-5264]

So‘nggi yillarda oliy ta’lim tizimida asosiy e’tibor talaba-yoshlarimizning ta’lim olishi uchun keng imkoniyat va zarur sharoit yaratishga qaratildi. Natijada, o‘tgan 5 yil mobaynida oliy o‘quv yurtlari soni 65 tadan 156 taga yetdi, ularga qabul 3 baravarga ortdi.   

– Joriy yilda ham samarali ishlar amalga oshirilib, 25 ta yangi oliy ta’lim muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yildi, davlat oliy ta’lim muassasalari soni 106 taga yetdi, – dedi Abduqodir Toshqulov. – Yil davomida 2 ta filial va 3 ta pedagogika fakultetlari negizida Pedagogika institutlari, Toshkent davlat agrar universitetining Nukus hamda Termiz filiallari hamda Toshkent davlat texnika universitetining Termiz filiali alohida institutlarga aylantirildi. Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutiga “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti, uning Buxoro va Qarshi filiallariga alohida institut maqomi berildi.

Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston” universitetining tashkil etilganligi iqtidorli yoshlarimiz uchun yaratilgan alohida imkoniyatdir. Yetakchi xorijiy universitetlar filiallari tashkil etildi. Bunda Sankt-Peterburg davlat universiteti filiali, Pirogov nomidagi Rossiya milliy tadqiqot tibbiyot universiteti filiali, Qozon federal universiteti filiali hamda Italiyaning Piza universiteti filialini alohida aytib o‘tish joiz.  

Bunday salohiyatli xorijiy oliygohlarning faoliyati mahalliy oliygohlarning rivojlanishiga ham ijobiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.

Yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 28 foizga yetkazilib, 170 ming nafardan ortiq yoshlarimiz oliy ta’limga qabul qilindi. Davlat grantlari 7 ming 250 taga yoki 25 foizga oshirildi.

2022 yilda Oliy ta’lim sohasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish hamda yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrov darajasini 32 foizga yetkazish maqsadida nodavlat oliy ta’lim muassasalari sonini 25 tadan,  jami oliygohlar sonini 160 tadan oshirish rejalashtirilgan.

Ishoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillar instituti, Andijon davlat chet tillar instituti faoliyati yo‘lga qo‘yilsa, Navoiy davlat konchilik instituti negizida Navoiy politexnika universiteti tashkil etiladi.

Kelgusi yillarda oliy ta’limning me’yoriy-uslubiy tizimi xalqaro standartlarga muvofiq joriy etiladi. Xususan, mamlakat oliy ta’lim tizimi jahon ta’lim makoniga to‘liq integratsiya qilinadi. Xalqaro akademik va ilmiy mobillik huquqiy asosga ega bo‘lib, keskin kengayadi. Diplomlar, akademik va ilmiy darajalar “konvertatsiyasi” uchun keng imkoniyatlar yaratiladi.

Ta’lim dasturlarini xalqaro miqyosda uyg‘unlashtirish imkoniyatlari kengayadi. Mamlakat oliy ta’lim muassasalari xalqaro reytinglarda tengma-teng ishtirok etishi imkoniyatlari yanada oshadi. Ta’lim jarayoniga xorijiy mutaxassislarni jalb qilinadi. Xalqaro akademik va ilmiy loyihalarni amalga oshirish ko‘lami kengayadi hamda qo‘shma dasturlar asosida o‘qitish imkoniyati yaratiladi.

Shuningdek, 2022 yilda barcha oliygohlarda raqamli universitet loyihasini joriy etish, ilmiy faoliyatni yaxshilash va salohiyatni oshirish, oliy ta’lim tizimida talaba-yoshlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash, talabalar turar joylari hamda tyutorlar faoliyatini joriy etish borasida to‘xtalib o‘tildi. 

 

Gulnoza Boboyeva, O‘zA