Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim jarayoniga VR/AR texnologiyalari joriy qilinmoqda
07:38 / 2022-02-11

Ta’lim – farovon jamiyat poydevori. Chunki bilimlarni yetkatish har doim ustuvor yo‘nalish bo‘lib kelgan. Raqamli qurilmalar va yangi texnologiyalar davrida ta’limdagi virtual reallik VR evolyutsiyaning yangi bosqichi uchun haqiqiy kashfiyotga aylanmoqda.

Bir necha yil oldin virtual reallik ta’limdan juda uzoq edi. VR texnologiyalarini o‘quv jarayoniga kiritish mumkinligini tasavvur qilish ham qiyin edi.

bugungi kunda VR texnologiyalari ta’limda katta istiqbolga ega. VR ma’lumotni talabalar kerakli materialning to‘liq 3 D modelini idrok eta oladigan tarzda taqdim etadi. Talabalar o‘zlashtirishlari kerak bo‘lgan juda ko‘p ma’lumotlarga ega bo‘lganda VR texnologiyalar ayniqsa foydalidir. Ta’limda virtual reallikdan foydalanishning ko‘plab usullari mavjud. Masalan, tibbiyot, mashinasozlik, aviatsiya, temir yo‘l transporti va boshqalar kabi tor sohalarda yuqori sifatli mutaxassislarni tayyorlash uchun ideal o‘quv muhitini yaratish uchun foydalanish mumkin. Talabalar real hayotda juda xavfli yoki hatto imkonsiz bo‘ladigan narsalarni bajarish uchun bundan foydalanishlari mumkin.

bugungi kunda Toshkent davlat transport universiteti O‘zbekiston transport sohasi uchun raqobatbardosh yuqori malakali kadrlar tayyorlaydigan mamlakatimizdagi yetakchi oliy o‘quv yurtlaridan biri hisoblanadi.

Universitet olimlari bilan temir yo‘l, avtomobil yo‘llari va aviatsiya soha mutaxassislari o‘rtasidagi muvaffaqiyatli hamkorlik ilmiy-pedagogik kadrlar malakasini oshirishga, universitet moddiy bazasini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Universitetning «Avtomatika va telemexanika» kafedrasi 11 yildan buyon temir yo‘l sohasida ta’lim texnologiyalarini ishlab chiqayotgan «NovATrans» ilmiy-ishlab chiqarish markazi bilan hamkorligi bunga misol bo‘la oladi.

2020 va 2021 yillarda Jahon banki tomonidan moliyalashtiralayotgan Akademik innovatsiyalar jamg‘armasi granti evaziga universitet NovATrans ilmiy-ishlab chiqarish markazidan umumiy qiymati 50 000 AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan 2 ta o‘quv-laboratoriya majmuasini sotib oldi. Jumladan, 2020 yilda «O‘zgaruvchan tokli elektr tortqidagi 25 Gts chastotali tarmoqlangan fazasezgir rels zanjirini tadqiq qilish» o‘quv-laboratoriya jihozlari, 2021 yilda avtomatika va telemexanika qurilmalari ishini virtual reallikka asoslangan simulyatori yetkazib berildi va foydalanishga topshirildi. Bu turdagi virtual trenajyor foydalanuvchining o‘zaro ta’siri mavjud bo‘lgan (AR texnologiyasi) «Stansiyadagi strelka elektr yuritmasini almashtirish», «PV-ETSK kirish panelidagi magnitli ishga tushirgichini almashtirishda elektr xavfsizligi choralari», «Elektr markazlashtirish postida yong‘in xavfini oshiradigan elektr markazlashtirish postining elementlari, qurilmalari va jihozlarining texnik ko‘rsatkichlarini meyorlardan chetga chiqishini aniqlash» kabi laboratoriya ishlarini bajarishga mo‘ljallangan.

Ushbu virtual stend «Avtomatika va telemexanika» kafedrasida quyidagi fanlardan «Strelka va signallarni teleboshqarish», «Avtomatika va telemexanika qurilmalariga texnik xizmat ko‘rsatish» va «Avtomatika va telemexanika qurilmalarini elektr ta’minoti» fanlari bo‘yicha innovatsion o‘qitish usullaridan foydalangan holda laboratoriya ishlarini bajarish imkonini beradi. Virtual simulyatordan talabalardan tashqari, temir yo‘l kollejlari o‘quvchilarini o‘qitish, shuningdek, temir yo‘l transporti xodimlarining malakasini oshirish kurslarida ham foydalanish rejalashtirilgan.

Ayni paytda, universitet kafedrasida «NovATrans» mutaxassislari tomonidan yangi trenajyorlardan foydalanish bo‘yicha treninglar o‘tkazilmoqda va temir yo‘l avtomatika va telemexanika elementlari, qurilmalari va tizimlarini chuqur o‘zlashtirishda kuchli baza bo‘lib xizmat qiladigan yangi laboratoriya ishlari bo‘yicha uslubiy ko‘rsatmalar ishlab chiqilmoqda. Shuningdek, kafedrada VR/AR texnologiyalari asosida laboratoriya ishlariga ixtisoslashtirilgan raqamli o‘quv xonasi tayyorlanmoqda.
Shunday qilib, yangi texnologiyalar nafaqat o‘quv jarayonini soddalashtirish, balki uni butunlay virtual qilish imkonini beradi va virtual raqamli sinflar kelajakda ta’lim sohasida yangi trendga aylanadi, chunki bugungi kunda ko‘plab g‘arb ta’lim muassasalari raqamli sinflarni tashkil qilish uchun VR/AR texnologiyalaridan keng foydalanmoqda.

Dilshod Baratov,
Toshkent davlat transport universiteti prorektori 
Ruslan Abdullayev,
Avtomatika va telemexanika kafedrasi katta o‘qituvchisi
O‘zA