Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim jarayonida Finlyandiya tajribasi qanday natijalarni ko‘rsatmoqda?
16:24 / 2022-11-03

Yangi O‘zbekistonning maktab bitiruvchisi zamonaviy ko‘nikmalarni egallagan, axborot texnologiyalarini puxta o‘zlashtirgan, kreativ fikrlaydigan, mustaqil qaror qabul qila oladigan, dunyoqarashi keng shaxs bo‘lib yetishishi zarurligi Prezidentimiz tomonidan ta’kidlangan edi.

Shu nuqtai nazardan «Maktab bitiruvchisi portreti»ni ishlab chiqish va mustaqil hayotga ommalashtirish maqsadida Olmazor tumanida joylashgan 134-umumta’lim maktabida joriy yil boshidan Finlyandiya tajribasi hamda Fin ta’limi asosida yaratilgan 1-4-sinf darslik majmualarini o‘quv dasturlariga moslashtirish maqsadida aprobatsiya ishlari tatbiq etildi.

Mazkur maktabda bugungi kunda 47 ta sinf bo‘lib, jami 1577 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Bulardan Aprobatsiya jarayonlariga 1-4-sinflar 2 ta yo‘nalishda qamrab olingan. Birinchi yo‘nalish to‘g‘ridan-to‘g‘ri Fin ta’lim tajribasi qo‘llaniladigan, saylanma tarzda tanlab olingan 9 ta sinf bo‘lsa, qolgan sinflar kuzatuvchi maqomiga ega holda jarayonlarga jalb qilingan. Tajriba-sinov o‘tayotgan sinflarda dars jarayonlari qanday tashkil etilmoqda?

Aprobatsiya jarayoni ketayotgan sinflarda pedagog Alifbe darsligidan foydalanganda o‘quvchilar faqat harflarni yod olish bilangina emas, balki harflarni bo‘yash, eshitish orqali unli va undosh tovushlarni farqlay olishi bilan natijaga erishmoqdalar. Bu yo‘nalish pedagog tomonidan o‘tilayotgan darslardagi vazifalar o‘quvchini mantiqiy fikrlashga, u omma oldida fikrini ifoda eta olishiga va darslarda erkin muhitni shakllantirishga qaratilganligi bilan farqlanadi.

Yozuv darsi esa o‘quvchilarda harf elementlarini, shuningdek, ko‘rgan harfini o‘zi mustaqil bosqichma-bosqich yozish va o‘rganish ko‘nikmasini shakllantiradi. O‘quvchilar harflarni bir-biriga qo‘shib, o‘zlari mustaqil bo‘g‘inlar hosil qilishni mantiqan tushunishadi.

Matematika darsida-topshiriqlarda bir xillikdan yiroqlashib, xilma-xil usullarda bajarishi kuzatilmoqda. Bunda avval mavzu rasmlar orqali, undan keyin katakchalarda ishlash orqali to‘liq yoritilib beriladi.

Masalan, o‘quvchilar raqamlar tartibini o‘rganish bo‘yicha yangi mavzu bayoni bilan birgalikda, shakllar mavzusini ham avvaldan o‘rganishadi. Topshiriqlarning rang-barangligi, kundalik hayotda uchraydigan buyumlar bilan berilganligi o‘quvchini fanga bo‘lgan qiziqishini orttiradi, dars davomida zeriktirmaydi va charchab qolishmaydi. Matematika darsida o‘quvchilar boshqa darslar singari mustaqil fikrlashga va olgan bilimlarini kundalik jarayonlarda qo‘llay olishga o‘rganadi.

Tasviriy san’at darsligi o‘quvchining o‘quv yuklamasiga mos ravishda mavzular ketma-ketligi hozirgi real hayotga muvofiq ishlab chiqilganligi bilan farqlanadi. Nazariy metodlar orqali o‘tilayotgan aniq fanlar endilikda reallikka ko‘chmoqda. Ya’ni, birinchi topshiriqda o‘quvchi tayyor rasmni bo‘yasa, keyingi topshiriqda shu rasmni qismlarga ajratib chizadi. Bu esa mazkur rasm bo‘yicha o‘quvchilar tasavvur-ongida yangi bilim va ko‘nikmalar paydo bo‘lishiga turtki beradi.

Shuningdek, ta’lim jarayonida estudy.uz tizimiga o‘tilib, birinchi va ikkinchi sinf o‘quvchilari uchun «ebook» mobil ilovasi yordamida aniq va tabiiy fanlar, virtual borliq orqali interaktiv kontentlardan foydalangan holda barcha fanlar qiziqarli o‘tilmoqda.

Ayniqsa maktabda tashkil etilgan «Ruchkasiz kun» ta’lim jarayonida sinf o‘quvchilari grafik asosida planshetlardagi maxsus ilovalar orqali olgan bilimlarini mustahkamlashadi. Bu jarayon o‘quvchilarning ta’limga bo‘lgan qiziqishlarini orttiribgina qolmasdan, balki, zamonaviy texnologiyalarning ishlash texnikasidan ham foydalanish ko‘nikmalarini hosil qilmoqda.

Maktab psixologlari tomonidan olingan so‘rovnomalar natijasi 1-sinflarda maktabga moslashuvchanlik darajasi yuqoriligini ko‘rsatadi.

Ishchi guruh tomonidan o‘quvchilarning savodxonlik darajasi solishtirma-monitoring qilinganda: bevosita aprobatsiya jarayoniga jalb qilingan sinflarda umumiy ko‘rsatgich 87,5 foizni, kuzatuvchi sifatida jalb qilingan sinf o‘quvchilarida esa 77,7 foizni tashkil etgani, sezilarli natijadorlik koeffetsiyentga egaligini ko‘rsatadi.

Xulosalar Fin ta’limi tajribasida o‘tilayotgan sinflarda quyidagi o‘ziga xosliklarni keltirib chiqardi:

Birinchidan, o‘quvchilar o‘z ixtiyorlariga ko‘ra ta’limga jalb qilinmoqda. O‘quvchi darslarni o‘zi xohlagan holda o‘zlashtirmoqda.

Ikkinchidan, o‘quvchilar darsliklarda keltirilgan rasmlar orqali darsning maqsadini oldindan anglab yetmoqda.

Uchinchidan, bo‘sh o‘zlashtiruvchi o‘quvchilardagi bo‘shliqlar bir vaqtning o‘zida, qiziqishlari asosida to‘ldirib boriladi. Bu jarayonlar pedagogning darsdan keyin o‘quvchiga mazkur mavzuni o‘zlashtirishi uchun qo‘shimcha topshiriqlar yuklashiga o‘rin qoldirmaydi.

To‘rtinchidan, dars jarayonida berilayotgan bilimlarning tenglik asosida tashkil etilishi, kelajakda jamiyatdagi tabaqalashtirishning oldini olish uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Beshinchidan, mazkur ta’lim jarayoni o‘quvchilarda boqimandalikni shakllantirmaydi. O‘quvchilarni mustaqil hayotga tayyorlash usullarini o‘rgatadi.

Javohir Jabborov, Olmazor tumani 

134-umumta’lim maktabi direktor o‘rinbosari