Toshkent kimyo xalqaro universiteti Samarqand filialida “Ta’lim jarayonini raqamlashtirish istiqbollari va muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Ta’lim jarayonini modernizatsiya qilish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, raqamli texnologiyalarni ta’lim tizimiga joriy etish hamda turli fan sohalarida raqamli yechimlardan foydalanish imkoniyatlarini muhokama qilish maqsadida tashkil etilgan anjumanda 300 dan ortiq mahalliy va xorijiy tadqiqotchilar o‘z ilmiy ma’ruza va maqolalari bilan ishtirok etdi.
– Bugungi kunda barcha sohalardagi singari ta’lim tizimi ham raqamlashmoqda, – dedi Toshkent kimyo xalqaro universiteti Samarqand filiali direktori, professor Nizomjon Ishonqulov. – Shu maqsad yo‘lida mavjud muammolar va ularning yechimlari masalasi haqida fikr almashish uchun xalqaro doirada olimlarni jalb etdik. Keyingi yillarda yurtimiz oliy ta’lim tizimida raqamlashtirish orqali ko‘plab qog‘ozbozlik ishlari kamaydi, "Hemis" tizimi orqali oliy ta’lim jarayonini boshqarish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Filialimizda 15 mingdan ortiq talaba tahsil oladi, ularni hujjatlashtirish ishlari, ta’lim jarayonini boshqarish tizimi raqamlashtirilgan. Bu orqali ta’limning samaradorligi va sifatini yanada oshirishga erishish imkoniyatlari kengayadi.
Ikki kun davom etgan ilmiy-amaliy anjumanda olimlar olti shu’bada ta’lim jarayonlarini raqamlashtirish va innovatsion texnologiyalarni joriy etishning iqtisodiy ahamiyati, fanlarni o‘qitishda raqamlashtirish amaliyoti kabi mavzularda muhokamalar olib bordi.
[gallery-26401]
– Hozirgi kunda butun dunyoda oliy ta’lim muassasalari oldida turgan muammo va savol shundan iborat: sun’iy intellekt ta’limni qanchalik o‘zgartiradi? – dedi Toshkent kimyo xalqaro universitetining moliya kafedrasi mudiri, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent Shohjahon Elmurodov. – Adashmasam, ikki kun oldin sun’iy intellekt bir kunga ishlamadi. Natijada ancha ish to‘xtab qoldi. Shunda biz sun’iy intellektga qanchalik bog‘lanib qolganimizni tushunib yetdik. Xo‘sh, endi nima qilish kerak? Universitetlarning oldida turgan vazifa sun’iy intellektdan foydalanish etikasini talabalarga o‘rgatishdan iborat. Talabalar sun’iy intellektga suyanib, kitob o‘qimay qo‘ydi. Sun’iy intellektdan faqat ta’lim olishda qo‘shimcha bir vosita sifatida foydalanish lozim, lekin hamma narsani undan so‘rash kerak emas.
Anjuman doirasida taqdim etilgan ilmiy ishlanmalar, ta’lim tizimiga tatbiq etilishi mumkin bo‘lgan metodik takliflar hamda raqamli transformatsiya bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalar O‘zbekistonning ta’lim sifatini oshirish, akademik muhitni raqamlashtirish va innovatsion yondashuvlarni keng joriy etishga xizmat qiladi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari