Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim jarayoni amaliyot bilan uyg‘un tarzda olib borilmoqda
11:38 / 2025-10-31

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida ta’lim jarayonining amaliyot bilan uyg‘unligini ta’minlash, talabalarning nazariy bilimlarini mustahkamlash va ularni kelajakdagi kasbiy faoliyatga tayyorlash maqsadida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Mazkur oliy o‘quv yurtining 2-3-4-kurs talabalari “4+2” dasturi doirasida Nukus shahri, shuningdek, Nukus, Taxiatosh, Xo‘jayli va Ellikqal’a tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar maktablarida malakaviy amaliyot davomida o‘z ko‘nikmalarini oshirishmoqda. 

Xususan, Tarix fakulteti talabalari Nukus shahridagi 6-, 9- va 23-sonli umumta’lim maktablarida amaliyot o‘tashmoqda. Ularga fakultet va maktablardan biriktirilgan tajribali ustozlar tomonidan metodik yordam ko‘rsatilmoqda.

– Prezidentimizning “Pedagogik ta’lim sifatini oshirish va pedagog kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida fakultetimizga Nukus shahridagi 6-sonli umumta’lim maktabi biriktirilgan bo‘lib, bu yerda talaba-yoshlarimiz amaliyot jarayonida nazariy bilimlarini mustahkamlashayotgan bo‘lsa, professor-o‘qituvchilarimiz maktabda ta’lim sifatini oshirish yo‘nalishida ilmiy-metodik jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlik ishlarini ham olib borishmoqda, – deydi institutning Tarix fakulteti dekani Maman Saribayev.

Malakaviy amaliyot jarayonida talabalar o‘quvchilarga dars berish jarayonida ilg‘or pedagogik texnologiyalarni qo‘llash, o‘qituvchilik faoliyatiga zamonaviy yondashuvni amalda sinab ko‘rish imkoniyatiga ham ega bo‘lishmoqda. 

Albatta, bu orqali talabalarda erkin fikrlash, kommunikativ ko‘nikmalar va kasbiy mas’uliyat hissi yanada rivojlanmoqda. Bu boradagi ishlar yosh mutaxassislarning kasbiy tayyorgarligini oshirish, ta’lim sifatini yaxshilash va ta’lim tizimi uchun yetuk pedagog kadrlarni tayyorlashga xizmat qilmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA