Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim islohotlarining yangi bosqichida sifat, innovatsiya va milliylik
16:22 / 2025-04-24

Ta’lim-tarbiya har bir sohaning asosi va zaminidir. Shu bois, ushbu soha rivojiga ustuvor ahamiyat qaratilib, mamlakat ertasi uchun xizmat qiladigan yetuk avlodni tarbiyalash, zamonaviy ta’lim bilan qamrab olish masalalari doimiy e’tiborda bo‘lib keladi.

Shu yil 21 aprel kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida maktab ta’limi sifati va pedagoglar tayyorlash tizimini takomillashtirishga bag‘ishlangan taqdimot davomida ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, ularning huquqiy asoslari va istiqbolli vazifalar muhokama qilindi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulchehra Tojiboyeva quyidagilarni qayd etdi:

— So‘nggi yillarda ta’lim sohasi ustuvor tarmoqlardan biriga aylandi. “O‘zbekiston–2030” strategiyasida ta’limga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, har yili qabul qilinayotgan Davlat dasturlarida ham ushbu sohani rivojlantirishga doir aniq maqsad va vazifalar belgilanmoqda. Bu islohotlarning huquqiy poydevori sifatida “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun, Davlat ta’lim standartlari, oliy ta’lim va o‘rta maxsus ta’limni qo‘llab-quvvatlash dasturlarini qayd etish mumkin.

Bugungi kunga kelib, ta’lim sohasida barqaror siyosat, institutsional islohotlar va resurslar bazasi shakllandi. Endi navbat bu jarayonlarni chuqur sifat o‘zgarishi bosqichiga o‘tkazish.  

Bugun pedagogika yo‘nalishida sifat o‘zgarishi talab etiladi. Yurtimizda 76 ta oliy ta’lim muassasasida pedagogika yo‘nalishi mavjud bo‘lsa-da, ulardagi ilmiy salohiyat past darajada. Aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha o‘qituvchilar yetishmasligi kelajakda ta’lim sifatini jiddiy xavf ostiga qo‘yadi. Shu bois, Prezident tomonidan Toshkent davlat pedagogika universitetini qayta tashkil etib, uni O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetiga aylantirish taklifi ilgari surildi. Bu yangi universitet nafaqat ta’lim sifati, balki ilmiy salohiyat, yangi metodika va raqamli ta’lim texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha ham tayanch markaz vazifasini o‘taydi.

Yig‘ilishda ko‘tarilgan har bir vazifa aslida bitta umumiy maqsad – bolalarga sifatli, zamonaviy va xavfsiz ta’lim muhitini yaratishga qaratilgan.

Oliy ta’lim muassasalari salohiyatini oshirish – kelajakda pedagoglar tayyorgarligini chuqurlashtirish va ularning bilim bazasini mustahkamlashni ko‘zlaydi. PISA baholash dasturi – o‘quvchilar bilimlarini xalqaro mezonlar asosida baholash orqali ta’lim tizimining real holatini ko‘rsatib beradi. Maktab infratuzilmasi kengaytirilishi aholi o‘sishini inobatga olgan holda ta’limga barcha bolalarni qamrab olish imkonini yaratadi. Ijtimoiy tarmoqlarda faol yoshlarni muhofaza qilish va milliy kontent yaratish yosh avlod ongiga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi axborot muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.

Yig‘ilishda ta’lim va ilm-fanni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish zarurligi alohida qayd etildi. Shu maqsadda “Yangi O‘zbekiston” universiteti negizida zamonaviy laboratoriyalar, texnoparklar va universitet klinikasini tashkil etish, Germaniya tajribasidan foydalangan holda amaliy ta’limni kuchaytirish rejalashtirilmoqda.

Prezident rahbarligidagi ushbu yig‘ilish ta’lim sohasi islohotlarini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi. Bu bosqichda sifat, innovatsiya va milliylik ustuvor ahamiyat kasb etadi. E’tibor qaratilayotgan har bir masala nafaqat bugungi kunning muammolari, balki kelajak avlod taqdiri, mamlakat taraqqiyoti bilan uzviy bog‘liq.

Muhtarama Komilova yozib oldi.

O‘zA