Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim islohotlari taraqqiyotga yetaklaydi
17:16 / 2024-10-07

O‘zbekistonda keyingi yillarda ta’lim-tarbiyani, shu jumladan, oliy ta’limni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, dunyoda ro‘y berayotgan voqea-hodisalar ham har bir faoliyatning ilm-fan yutuqlariga asoslanishini ko‘rsatib, ilm-fandagi kashfiyotlar insoniyat taraqqiyotini innovatsion texnologiyalarga tayangan holda jadal yuksaltirishni taqozo etmoqda.

Jahon tajribasini kuzatadigan bo‘lsak, bugun Universitet - 4.0 konsepsiyasi asosida ta’limni tashkil etgan oliygohlar nafaqat davlat, balki jahondagi inqilobiy o‘zgarishlar yadrosiga aylanganiga guvoh bo‘lamiz. Bu voqelik O‘zbekiston oliy ta’lim tizimiga ham ta’sir ko‘rsatib, tashkiliy-tuzilmaviy, sifat va mazmun, son va miqdor o‘zgarishlarini talab etmoqda. Shu ehtiyojdan kelib chiqib, mamlakatimizda ta’lim siyosatini takomillashtirish yuzasidan qator me’yoriy hujjatlar qabul qilinib, muhim vazifalar belgilab olindi.

Son o‘zgarishlaridan sifat o‘zgarishlari sari

O‘zbekistonda 114 ta davlat, 29 ta xorijiy, 67 ta nodavlat oliygoh faoliyat yuritmoqda. Maktab bitiruvchilarini oliy ta’limga qamrab olish so‘nggi 5 yilda 9 foizdan 47 foizgacha o‘sdi. Oliy ta’limga qamrovning oshishi sifatga ham ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi. Ya’ni talabalar sonining ko‘payishi bilan qo‘shimcha professor-o‘qituvchiga, moddiy-texnik bazani kengaytirishga, kerakli sharoitni yaratib berishga ehtiyoj tug‘iladi. Endilikda sohada ta’lim dasturlari mazmunini takomillashtirish, xususan, ish beruvchilar ehtiyojidan kelib chiqib, malaka talablarini qayta ko‘rib chiqish, zaruriy kasbiy kompetensiyalarni shakllantiruvchi fanlar katalogi, o‘quv dasturi va sillabuslarni yaratish, mustaqil ta’lim olish ko‘nikmalarini rivojlantirishga oid tashkiliy-uslubiy muhit yaratish kabi vazifalarni amalga oshirish lozim bo‘ladi. 

Gap oliy ta’lim sifatini oshirish haqida borar ekan, bitiruvchilarning ishga joylashishini ta’minlash uchun sohada yo‘nalishlar va mutaxassisliklar klassifikatorini optimallashtirish, ish beruvchilarning aniq talablari hamda dunyoning nufuzli 300 taligiga kiruvchi oliygohlar tajribasi asosida ta’lim dasturlarini takomillashtirish, bitiruv ishi hamda magistrlik dissertatsiyalari himoyalarini yirik ish beruvchi tashkilotlarda tashkil etish kerak. Shuningdek, yuqori kurslarda tashkil etiladigan 15 haftalik malakaviy amaliyotlarni amaliyot o‘tiladigan tashkilotning talabalarga haq to‘lashi asosida yo‘lga qo‘yish va OTMlardagi kar’era markazi faoliyatini kuchaytirish singari ishlarni amalga oshirish lozim. 

Ikkinchi yo‘nalish – ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasi samaradorligini kuchaytirishda namoyon bo‘ladi. Bu yo‘nalishning samaradorligi OTMlardagi ilmiy-tadqiqot, ilmiy salohiyat, ilmiy-innovatsion muhit va ilmiy tadqiqot natijalarini tijoratlashtirish kabi ko‘rsatgichlar bilan bog‘liq. Bugun respublikamiz oliy ta’lim muassasalarida 40 mingga yaqin professor-o‘qituvchi ilmiy-pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanmoqda. Ilmiy salohiyat 40 foizni tashkil etadi. Ilmiy salohiyat darajasi oliy ta’limda bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar ko‘lami kengligini talab etayotgani uchun bu borada ham tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Eng ahamiyatlisi,­ so‘nggi 8 yilda oliy ta’lim sohasini takomillashtirishga qaratilgan islohotlar bugun sifat bosqichiga o‘tmoqda. 

Institut janub viloyati  taraqqiyotida muhim rol o‘ynamoqda

Denov – Surxon vohasining aholisi eng ko‘p tumani. Tumanda oliy ta’lim muassasasi tashkil etilishini hech kim hayoliga keltirolmas, tasavvur ham qilolmas edi. Prezidentimizning 2020 yil 17 apreldagi “Surxondaryo viloyatida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini kengaytirish va yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tashkil etilgan institut davlatimizning janubdagi vohasiga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning yana bir ifodasi bo‘ldi. 

Aytish kerakki, mamlakatimiz janubiy viloyatidagi tuman hududida tashkil topgan oliy ta’lim muassasasida yuqori malakali ilmiy-pedagogik kadrlarga ehtiyoj doim kun tartibidagi masalalardan biridir. Shu bois institutni tashkil etishga oid qarorda ta’lim dargohida ilmiy-pedagogik faoliyat olib boruvchi xodimlarga 1,5 koeffitsiyent miqdorida, ya’ni 50 foiz ustama bilan mehnatga haq to‘lash belgilangan. Aynan shu jihati pedagoglik maqomining mustahkamlanishi, qolaversa, professor-o‘qituvchilarning doimiy izlanish olib borishi uchun kuchli motivatsiya bo‘lmoqda. Institut ish boshlaganidan buyon respublikamizning boshqa hududlaridan 34 nafar professor-o‘qituvchi asosiy shtatga ishga qabul qilinib, ilmiy-pedagogik faoliyatni shu yerda olib bormoqda. 

Oliy ta’lim muassasasida 4 ta fakultet, 16 ta kafedra mavjud. 300dan ortiq professor-o‘qituvchi 8 mingdan ortiq talabaga o‘zlari tanlagan sohalarning ilm-fan sirlarini chuqur o‘rgatmoqda. 

Institutda ta’lim sifatini oshirish, o‘quv jarayonini zamon talablari asosida tashkil etish, ish beruvchilar talabiga mos mutaxassislar tayyorlash uchun 2024-2026 yillarda Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti faoliyatini tashkil etish, kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqilib, tasdiqlandi. Unga ko‘ra, professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish rejasi, o‘quv laboratoriyalari negizida ilmiy laboratoriyalarni tashkil etish, institut kampusi hududida asosiy ish beruvchilarning spin-off korxonalarini ochish, pedagogika hamda turizm yo‘nalishida tahsil oluvchi talabalar amaliyotini dual ta’lim tamoyili asosida yo‘lga qo‘yish kabi qator vazifalar belgilab olindi. 

Moddiy-texnik bazasi yetarli darajada ta’minlangan, ya’ni kimyo, biologiya, fizika va axborot texnologiyalari ta’lim yo‘nalishi uchun Islom taraqqiyot bankining 2 milliard 508 million so‘m mablag‘i hisobidan olingan zamonaviy o‘quv laboratoriyalaridan foydalanilmoqda. Institutda 26 ta ta’lim yo‘nalishi va 14 ta magistratura mutaxassisligi bo‘yicha dunyoning nufuzli 300 taligiga kiruvchi (QS va THE reytinglari asosida) oliygohlari, xususan, Kembrij, Arizona, Oksford, Nagoya kabi universitetlari ta’lim dasturlari qiyosiy tahlil qilindi. Shunga ko‘ra, milliy malaka talablari, klassifikator hamda ta’limni tartibga soluvchi boshqa me’yoriy hujjatlarga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilib, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga taqdim etildi. Shuningdek, o‘rganilgan xorijiy ilg‘or tajribalar o‘quv dasturi va sillabuslar mazmuniga kiritildi. 

Xalqaro hamkorlik

Yangi O‘zbekistonning olis hududidagi Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti 59 ta xorijiy davlat universiteti bilan tegishli memorandum imzolab, o‘quv jarayoni va ilmiy-tadqiqot sohasida o‘zaro hamkorlik o‘rnatdi. Ayni paytda 21 nafar xorijlik professor talabalarga saboq bermoqda. 20 ga yaqin xorijlik talaba tahsil olayotir.  Keyingi uch yilda 70 ga yaqin professor-o‘qituvchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarida tajriba almashib keldi. 5 nafar talaba Rossiya Federatsiyasi, bir nafari Yaponiya, ikki nafari Qozog‘iston, 9 nafari Tojikiston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalarida bo‘lib qaytdi. 2022 yil Rossiya Federatsiyasining Altay Davlat universiteti bilan “Matematika va informatika” mutaxassisligi bo‘yicha 1+1 qo‘shma ta’lim dasturi doirasida  magistrlar tayyorlash shartnomasi imzolangan bo‘lib, hozir 35 talaba tahsil olmoqda. 

Institut AQSH, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Angliya, Turkiya, Janubiy Koreya, Belarus, Xitoy, Hindiston, Qatar, Afg‘oniston va boshqa davlatlar oliy ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. 2024 yil 17-19 sentyabr kunlari Rossiya Federatsiyasi Novosibirsk ta’lim vazirligi boshchiligidagi delegatsiya institutda bo‘lganida qator nufuzli oliygohlari bilan o‘zaro hamkorlik memorandumlari imzolandi. Professor-o‘qituvchilar, doktorantlar va talabalar almashinuviga kelishib olindi. Bunday hamkorlikning yo‘lga qo‘yilayotgani institutning xalqaro reytinglardan munosib joy olishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Ilmiy faoliyat rivojlanmoqda

Institutda professor-o‘qituvchilar ilmiy salohiyati yildan-yilga ortib bormoqda. Institut tashkil qilingan ilk yilda ilmiy salohiyat 15 foizni, 2021yil 17, 2022 yil 21, 2023 yil 24, 2024 yil 30 foizni tashkil etdi. Joriy yil yakunigacha yana o‘nga yaqin ilmiy tadqiqotchilarimizning falsafa doktori darajasini himoya qilishi kutilmoqda. Ayni paytda institutda davlat ilmiy loyihalari hisobidan 902 million so‘mlik bitta innovatsion loyiha bajarilmoqda. 2024-2025 o‘quv yilida yana 6 ta amaliy va innovatsion loyiha davlat ilmiy loyihalar tanlovida ishtirok etish uchun taqdim etilgan. 

Institutda pedagogika fanlari bo‘yicha OAK ro‘yxatiga kiritilgan “Tadbirkorlik va pedagogika” ilmiy jurnali faoliyat olib bormoqda. Unda chop etilgan maqolalar xalqaro bazalarga indeksatsiya qilinmoqda. Yaratilayotgan bunday imkoniyatlar talabalarning o‘z iste’dod va iqtidorini namoyon etishida yaxshi samaralar berayotir. Jumladan, o‘tgan qisqa davrda 138 nafar iqtidorli talaba davlat va nomdor stipendiyalar sovrindori bo‘ldi. 2022 yil 1 nafar talaba “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. 2024 yil 1 nafar talaba va 1 nafar o‘qituvchi “Kelajak bunyodkori” medali bilan mukofotlandi. 

Yangi O‘zbekistonda oliy ta’limga qaratilayotgan bunday e’tibor xalq xo‘jaligi sohalarini yetuk kadrlar bilan ta’minlashda muhim omil bo‘lmoqda. Xususan, 2020-2023 yillarda institutni bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarida 1 ming 804 nafar bitiruvchi tamomlagan bo‘lsa, ularning 1 ming 786 nafari yoki 99 foizining bandligi ta’minlangan. Bitiruvchilarning 45 nafari Davlat fuqarolik xizmatlarida, 1 ming 741 nafari xalq xo‘jaligining turli sohalarida faoliyat yuritmoqda. Ya’ni iqtisodiyot tarmoqlarida 15 nafar, ta’lim muassasalarida 1 ming 552 nafar, tibbiyot muassasalarida 3 nafar, tadbirkorlik sub’ektlarida 61 nafar, boshqa sohalarda 103 nafar bitiruvchimiz mehnat qilib, mamlakatimiz taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Joriy o‘quv yilida institutni 1 ming 764 nafar yigit-qiz bitirdi. Hozirgacha ularning 1 ming 650 nafari xalq xo‘jaligining turli sohalariga ishga joylashdi. Yoki 129 nafari iqtisodiyot tarmoqlariga, 1 ming 521 nafari ta’lim muassasalariga ishga yuborildi. 114 nafari ishga joylashish arafasida.

Ijtimoiy-ma’naviy hayot o‘zgarishida institutning o‘rni

Tumanda yangi institutning tashkil etilishi hududning ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy hayotiga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Yoshlarning ta’lim olishga munosabati tubdan o‘zgardi. Mamlakatimiz poytaxti va viloyat markazidan olisda joylashgan hududda qiz bolalarning oliy ma’lumotli bo‘lishi uchun yaxshi imkoniyat paydo bo‘ldi. Ikkinchidan, institutning ochilishi, uning faoliyatini kuzatib turgan aholida oliy ta’lim haqida tasavvur kengayishiga ta’sir etdi. Farzandlarining uzoq hududlarga o‘qishga borishini istamagan ota-onalar institutda yaratilgan sharoit va imkoniyatlarni ko‘rib, ilm istagida bo‘lgan yoshlar nafaqat respublikamizning boshqa viloyatlaridagi OTMlarga, balki chet eldagi universitetlarga borib o‘qishini qo‘llab-quvvatlay boshladi. 

Uchinchidan, institut ochilishining hudud uchun yana bir muhim tomoni shundaki, oliy ta’lim muassasasi tashkil etilgani yangi ish o‘rinlarini paydo qildi. Institutga 600 ga yaqin professor-o‘qituvchi mutaxassis va texnik xodim ishga qabul qilindi. 

To‘rtinchidan, tumanning iqtisodiy-savdo aylanmasiga ijobiy ta’sir o‘tkazdi. Ya’ni boshqa hududlardan keladigan talaba va ishchi-xodimlarning kundalik ehtiyojlarini qondirish ortidan daromad topish, bandlikni ta’minlash imkoniyati paydo bo‘ldi. Xizmat ko‘rsatish shoxobchalari faoliyati kengaydi.

Beshinchidan, Surxondaryo viloyatining shimolida joylashgan (Denov, Sariosiyo, Uzun, Oltinsoy va Sho‘rchi) tumanlaridagi ta’lim muassasalari, korxona va tashkilotlari bilan hamkorlik o‘rnatilib, ishlab chiqarish amaliyotlari, targ‘ibot tadbirlari hamda ilmiy hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. 

Oltinchidan, hududda ko‘plab yangi o‘quv-tayyorlov markazlari ochilishiga turtki bo‘ldi. Bu yoshlarning ilm olishga, oliy ma’lumotli mutaxassis bo‘lishga qiziqishi, intilishi yanada oshganiga yaqqol dalildir. 

Rejalar ko‘p

Prezidentimizning bevosita g‘oyasi bilan keyingi yillarda ta’lim sohasini yuksaltirishga qaratilgan ulkan e’tibor Denov tadbirkorlik va pedagogika institutida malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini yanada oshirish uchun hali oldinda qator ishlarni bajarishga undamoqda. Shu maqsadda yuqori reytinglarda (QS, THE) “TOP-500”ga kiradigan xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturi asosida “ikki diplomli tizim”ni joriy etish, nufuzli xorijiy universitetlarda nashr etilgan o‘quv adabiyotlarini sotib olish va tarjima qilib, o‘quv jarayonida talabalar tomonidan o‘zlashtirishni ta’minlash, o‘zaro kelishuvlar asosida xorijiy va respublikadagi oliy ta’lim muassasalari bilan akademik mobillik dasturlari ulushini oshirish rejalashtirilayotir. 

Institutning kamida ikkita ta’lim dasturini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish, ta’lim yo‘nalishlarida bosqichma-bosqich masofaviy ta’lim shaklida o‘qitishni yo‘lga qo‘yish va magistratura o‘quv jarayonini aralash ta’lim (Blended Learning) asosida yo‘lga qo‘yish, “Yosh tadbirkorlar” biznes-inkubatorini tashkil etib, hudud yoshlarining tadbirkorlik va startap loyihalarini amalga oshirish ko‘nikmalarini shakllantirish hamda talabalarning amaliyotlarini joriy qilish, mavjud yo‘nalish, mutaxassislik va ixtisosliklar kesimida amaliy tadqiqotlarni kuchaytirish, “korxona-oliygoh-ilmiy tashkilot” klaster tizimini, qishloq xo‘jaligi, kompyuter injiniring va qurilish muhandisligi yo‘nalishlari bo‘yicha “Spin-off” korxonalarini tashkil etish mo‘ljallanmoqda. 

Institut ilmiy salohiyati shu yil 30 foizga, 2025 yil 35, 2026 yil 40 foizga oshiriladi. Doktorantura qamrovi hozirgiga nisbatan 3-4 barobarga kengaytirilib, doktorantura kvotasi 2024 yilda 24 nafarga, 2025 yilda 30 nafarga, 2026 yil 45 nafarga yetkaziladi. “El-yurt” jamg‘armasi e’lon qiladigan tanlovlarda institut iqtidorli talabalari, magistrantlar, yosh tadqiqotchilar va professor-o‘qituvchilar ishtiroki ta’minlashiga erishilib,  davlat ilmiy loyihalari (fundamental, amaliy, innovatsion) soni oshiriladi. Professor-o‘qituvchilarning xalqaro referativ ilmiy bazalardagi (Ssopus, VOS) maqolalari va iqtiboslik ko‘rsatgichlarini oshirib borish hamda boshqa rejalarni ro‘yobga chiqarish ko‘zda tutilmoqda. Bularning barchasi kelajakda institutni eng nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biriga, sohalar uchun zamonaviy bilim va ko‘nikmaga ega yetuk mutaxassislar tayyorlaydigan o‘quv maskaniga aylantirishga xizmat qiladi.

Oybek Ro‘ziyev, 

Denov tadbirkorlik va

 pedagogika instituti rektori.

O‘zA