Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ta’lim islohotlari o‘z samarasini bermoqda
13:49 / 2026-01-05

So‘nggi yillarda Navoiy viloyatida maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar hududning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida ta’lim hal qiluvchi omilga aylanayotganini yaqqol ko‘rsatmoqda.

2025 yil yakunlari bo‘yicha erishilgan natijalar va 2026 yilga belgilangan ustuvor vazifalar tahlili ta’lim siyosatida qamrovni oshirishdan sifatni ta’minlashga qaratilgan tizimli yondashuv shakllanganini anglatadi.

Hozirgi kunda viloyatda 1472 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat ko‘rsatib, ularda 80 ming nafardan ortiq bola qamrab olingan. Ayniqsa, 1145 ta oilaviy bog‘chaning faoliyat yuritishi davlat siyosatining mahallaga tushgan samarasi sifatida baholanmoqda. 2025 yilda 65,9 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, yangi davlat bog‘chalari, davlat-xususiy sherikchilik asosidagi muassasalar va oilaviy bog‘chalar tashkil etildi. Ilgari maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud bo‘lmagan 49 ta mahallada nodavlat bog‘chalar ochilishi nafaqat qamrovni oshirdi, balki ota-onalar uchun qulay ta’lim muhitini yaratdi. Bu chora-tadbirlar natijasida 3-7 yoshli bolalarning maktabgacha ta’lim bilan qamrov darajasi 87,5 foizga yetdi.

– Bugungi kunda maktabgacha ta’limda erishilayotgan natijalar keyingi ta’lim bosqichi uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda, – deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Ra’no Hayitova. – Umumta’lim maktablarida ham infratuzilmani yaxshilash va o‘quv jarayoni sifatini oshirishga qaratilgan ishlar izchil amalga oshirilyapti. Ayni paytda viloyatda jami 372 ta umumta’lim maktabi faoliyat ko‘rsatib, ularda 189 ming nafardan ortiq o‘quvchi tahsil olmoqda. Maktablar 178,2 ming o‘quvchiga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, yangi maktablar qurilishi va mavjud binolarni kengaytirish orqali ta’lim yuklamasini barqarorlashtirishga erishildi. 2025 yilda maktab infratuzilmasini rivojlantirish uchun markazlashgan va mahalliy byudjet hisobidan jami 162,7 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Bu mablag‘lar hisobidan yangi maktablar qurildi, rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Investitsiya dasturi doirasida Karmana tumanida 660 o‘rinli yangi maktab qurilib, foydalanishga topshirilishi ta’lim tizimida sifatli o‘zgarishlarga xizmat qilmoqda. Ushbu maktabda bugungi kunda 900 nafardan ortiq o‘quvchi tahsil olib, ularga 60 nafardan ziyod pedagog zamonaviy standartlar asosida ta’lim bermoqda. 

Shu bilan birga, har bir tuman va shaharda “Jasorat maktabi” tashkil etilib, yoshlarda vatanparvarlik, faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Muhandislik laboratoriyalari va robototexnika xonalarining tashkil etilishi esa o‘quvchilarni zamonaviy kasblarga tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ta’limda teng imkoniyatlar yaratish masalasi muhim vazifalardan biriga aylangan. Viloyatdagi 19 ta maktabgacha va 135 ta umumta’lim muassasasida inklyuziv ta’lim joriy etilib, 367 nafar bola ta’lim jarayoniga jalb qilindi. Bu ko‘rsatkich ta’lim tizimida ijtimoiy adolat tamoyillari amalda ta’minlanayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, yangi baholash tizimlarining joriy etilishi o‘quvchilar bilimini xolis va shaffof baholash, ta’lim natijadorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

O‘quvchilarning bilim darajasi va intellektual salohiyati xalqaro maydonda ham munosib natijalar bilan namoyon bo‘ldi. 2025 yilda Navoiy viloyati o‘quvchilari xalqaro fan olimpiadalarida 58 ta sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritib, 21 ta oltin, 24 ta kumush va 13 ta bronza medalga sazovor bo‘ldi. Respublika fan olimpiadalarida ham sovrinli o‘rinlar qayd etildi. Bu natijalar maktablarda iqtidorli o‘quvchilar bilan maqsadli ish olib borilayotganidan dalolat beradi. Bitiruvchilarning 48 foizining oliy ta’lim muassasalariga qabul qilinishi va o‘rtacha kirish bali 93,2 ni tashkil etishi esa ta’lim sifatining oshganini tasdiqlaydi. Ayniqsa, 30 nafar o‘quvchining maktabni tugatmasdan turib xorijiy oliy ta’lim muassasalariga qabul qilinishi ta’lim islohotlarining amaliy samarasi sifatida e’tirof etilmoqda.

Ta’lim sifatini barqaror ta’minlashda pedagog kadrlar masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Chet tillarini o‘qitish sifatini oshirish maqsadida xorijiy mutaxassislar jalb etilib, ikkinchi xorijiy tillarni o‘qitish amaliyoti kengaydi. Shuningdek, kasb-hunarga yo‘naltirilgan ta’lim joriy etilib, yuqori sinf o‘quvchilariga mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar o‘rgatilmoqda. Bu yondashuv ta’limni hayot bilan bog‘lash, bitiruvchilarni mustaqil hayotga tayyorlashga xizmat qilmoqda.

2026 yil uchun belgilangan vazifalar ta’lim tizimini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan. Maktabgacha ta’lim qamrovini 90 foizga yetkazish, minglab yangi o‘rinlar yaratish, pedagoglarning kasbiy maqomini oshirish, xorijiy tillar bo‘yicha xalqaro sertifikatga ega o‘quvchilar sonini keskin ko‘paytirish, yangi baholash tizimini keng joriy etish va ta’lim muassasalarini akkreditatsiyadan o‘tkazish rejalashtirilgan. Bu vazifalarning izchil amalga oshirilishi Navoiy viloyatida ta’limni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri