Sirdaryo viloyatida ta’lim-ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish va mahalliy korxonalar bilan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan ishlar izchil olib borilmoqda. Bu tashabbusning asosiy maqsadi — zamonaviy mutaxassislarni mahalliy va xalqaro bozor talablariga mos ravishda tayyorlash, amaliyot va nazariy ta’limni uzviy bog‘lashdir.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Sirdaryo viloyatiga xizmat safari davomida Guliston shahar 2-son texnikumida bo‘lib, o‘quv jarayonini takomillashtirish va integratsiya jarayonida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. Tashrif davomida vazir texnikumning o‘quv ustaxonasi va amaliy mashg‘ulotlar dasturlarini ko‘zdan kechirdi, mavjud texnik jihozlanish, amaliyot uchun yaratilgan sharoitlar va mutaxassis tayyorlash tizimidagi yangilanishlar yuzasidan mas’ullar bilan fikr almashdi.

Qo‘ng‘irotboy Sharipov ta’kidladiki, ta’lim-ishlab chiqarish integratsiyasi talabalarni sohadagi zamonaviy texnologiyalar bilan tanishtirish, ularning malakasini amaliyot asosida rivojlantirish va mahalliy korxonalarda samarali mehnat qilishiga xizmat qiladi. Shuningdek, xalqaro ta’lim dasturlari doirasini kengaytirish va mahalliy mutaxassislarni jahon standartlariga muvofiq tayyorlash ham ustuvor vazifalardan biridir.


Shuningdek, vazir tomonidan o‘quv jarayonini takomillashtirish, amaliyot bazalarini rivojlantirish, talabalarning bilim va ko‘nikmalarini zamonaviy talablarga moslashtirish masalalari bo‘yicha mas’ullarga aniq vazifalar belgilab berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri