Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati hamkorligida chop etilgan “Ustozga ehtirom” va “Fidoyi direktorlar” kitoblarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov yaqin o‘tmishda ta’lim tizimidagi ahvol, maktablardagi ayanchli holatlarni yodga oldi va keyingi yillarda davlatimiz rahbari boshchiligida sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, o‘qituvchilarning jamiyatimizdagi mavqei, ustoz va murabbiylarning mehnat va yashash sharoitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar kelgusida yangi O‘zbekistonni barpo etishda mustahkam poydevor bo‘lishini ta’kidladi.

Darhaqiqat, yurtimizda ustoz va murabbiy, oliygohlarning professor-o‘qituvchilari va ziyolilarning ilmiy-ijodiy faoliyatini targ‘ib qilish, ularga hurmat-e’tiborni oshirish, xususan, ustoz va murabbiylarning qadrini oshirish, mashaqqatli va sharafli mehnatini e’tirof hamda targ‘ib qilish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan 2024 yildan buyon “Ustoz” loyihasi doirasida yurtimizdagi ellik nafarga yaqin taniqli shaxslar, ilm-fan, adabiyot va san’at namoyandalari ishtirokida turkum videointervyular tasvirga olinib, markaziy telekanallar, media tuzilmalar va ijtimoiy tarmoqlar orqali muntazam namoyish etib kelinmoqda. Binobarin, ustozlarga ehtirom ko‘rsatish, millatimizga daxldor eng buyuk qadriyatlardan biridir.

Mana shunday xayrli ishlar davomi sifatida joriy yilda “Ustozga ehtirom” deb nomlangan maxsus kitob-albom tayyorlandi. Mazkur nashrdan O‘zbekiston Qahramonlari – Ibrohim G‘afurov, Anor Mahmudova, Shavkat Ayupov, Rahmon Muhammadiyev, Manzuraxon Madaliyeva, Kamoliddin G‘opirov, Muhabbat Sharapova, Munojat Yo‘lchiyeva, shuningdek, taniqli davlat va jamoat arboblari, ilm-fan, adabiyot va san’at namoyandalari – Dilbar G‘ulomova, Abdulla A’zam, Abbosxon To‘rayev, Nurislom To‘xliyev, Erkin A’zam, Farida Abdurahimova, Abdurahim Erkayev, Sirojiddin Sayyid, Shuhrat Sirojiddinov, Kamola Akilova, Hasan Rajabiy kabi 35 nafar ustozlarning fikr-mulohazalari, boy hayotiy tajribalaridan lavhalar o‘rin oldi.
Tadbirda mamlakatimizda maktab ta’limini rivojlantirish, ta’lim sifatini ta’minlash uchun butun salohiyatini safarbar qilib, uzoq yillardan beri o‘z mehnati bilan mamlakatimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shib kelayotgan fidoyi insonlar davlatimiz tomonidan e’tirof etilayotgani ta’kidlandi.
“Ustozga ehtirom” va “Fidoyi direktorlar” kitoblari fidoyi ustozlarni jamiyatda tanitish va ularning ibratli hayot yo‘llaridan aholini boxabar qilish, ta’lim fidoyilarining ezgu amallarini kelajak avlodlarga yetkazish maqsadida yaratilgan.
N.Usmonova,
O‘zA muxbiri